Turdimov Mustahkamning muttasil kaltaklanishida nega o‘zini aybdor deb biladi?

Intervyu

Ma’lumki, joriy yilning sentyabr oyi boshlarida samarqandlik 25 yashar ayol – Mustahkamning 8 yillik turmushi davomida eri tomonidan muttasil kaltaklanishi va tahqirlanib kelishi haqidagi hikoyasi ijtimoiy tarmoqlarda katta munozaralarni keltirib chiqargan edi. Zo‘ravon er xotiniga, hatto, bir necha kunlik ishlatilgan pampersni yedirishdek jirkanchlikka ham qo‘l urgan. Samarqandda bo‘lgan bu hodisa nafaqat viloyat, balki butun respublikada ayollarga bo‘lgan munosabatni o‘zida aks etiradi. Bu haqda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida gapirdi

Hokim ushbu masalada so‘z ocharkan, Mustahkam bilan bog‘liq voqealarda o‘zini ham aybdor deb bilishini aytadi. 

“Meni prinsipim shunday: hokim hamma narsaga javob berishi kerak. U o‘zini aybdor his qilmay, bu menga taalluqli emas desa, uning ishga kelmagani ma’qul. Hozir hokimlar internetda hududidan biror noxush xabar chiqsa, yuragini ushlab qolishadi. Ammo ko‘pchilik hokim sezmaydi, bilmaydi deb o‘ylaydi.  

Mustahkam bilan bog‘liq holatni eshitgach, meni mazam bo‘lmay qoldi. Yig‘ilish o‘tkazib, jig‘ibiyron bo‘lib gapirdim, videosi internetga ham chiqib ketdi. Biz nega oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarini tashkil etdik, nega ularning rahbarlariga hokim o‘rinbosari degan maqomni berdik? Hammalariga alohida xizmat avtomobili, bino berdik. Mahalla raislari va inspektorlarni ularga bo‘ysundirib berdik. Qani, nimaga ular vaziyat qandayligini bilmagan?  

Singlimiz Mustahkam bilan ro‘y bergan vaziyat nafaqat Samarqand, balki butun O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining umumiy portretini o‘zida shakllantiradi. Mana, kecha Toshkentda ham erning ayoliga bolaning axlatini yedirgani ko‘rsatildi. Boshqa joylarda yo‘q, deb o‘ylaysizmi? Bor. Demak, biz boshqacharoq ishlashimiz kerak. Tizimni o‘zgartirish kerak”, deydi Erkinjon Turdimov.  

Turdimov so‘zida davom etarkan, ayollarga qo‘l ko‘targan va ularni ba’zan urib, tarbiyalab turish kerak degan erkaklarni iblislar deb atadi. 

“Ular g‘irt iblislar. Shu gapni aytgan odamlarning o‘zi bir tiyinga qimmat insonlar. Ayolni urgan, onasini urgan degan. U ham ona-ku axir”, deydi hokim.

Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda samarqandlik Mustahkamni doimiy ravishda kaltaklab kelgan eriga nisbatan  Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu intervyuni to‘liq QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Erkinjon Turdimov

Baholaganlar

443

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing