Tuman sabab ikki aeroport faoliyati cheklandi
Jamiyat
−
31 yanvar 2022
4893Bugun, 31 yanvar kuni Farg‘ona va Buxoro aeroportlarini quyuq tuman qoplagani sababli samolyotlar qo‘nolmay va uchib ketolmay qoldi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” AJ ma’lum qildi.
Farg‘ona aeroportida zich tuman tufayli Moskvadan 227 nafar yo‘lovchi bilan parvoz qilgan “Ural Airlines” aviakompaniyasining SVR-8317 reysi bortida belgilangan aeoportga qo‘na olmagan va soat 07:32 da Namangandagi muqobil aerodromga jo‘nab ketgan.
Shuningdek, belgilangan aeroportdagi ob-havo sharoiti tufayli “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining Toshkent-Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha HY-83 reysi kechiktirildi, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uchish soat 13:15 ga belgilangan.
Qalin tuman “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining Buxoro-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY-024 reysi kechiktirilishiga sabab bo‘ldi. Bortida 138 yo‘lovchi bo‘lgan samolyot rejadagidek 09:20 emas, 11:29 da parvoz qila oldi. Hozirda aeroport normal rejimda ishlamoqda.