To‘ylar bo‘yicha nizom,  “pogonlilar” pensiyasi: 1 yanvardan o‘zbekistonliklarni nimalar kutmoqda?

Jamiyat

image

2020 yilning yanvar oyidan bir nechta huquqiy hujjatlar kuchga kiradi. Jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘lgan To‘ylar va boshqa marosimlarni tartibga soluvchi NIZOM ham shular jumdasidan. Shuningdek, faoliyatini yuritmayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining tugatish tartibi soddalashtiriladi. Aholidan talab qilinadigan hujjatlar soni bir nechtaga ozaytirilishi rejalashtirilgan. Quyida bular bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berilgan.

 Yangi yildan to‘ylar “ovi” boshlanadi?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati kengashining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaroriga ko‘ra:

1) To‘y, oilaviy bayramlar, ma’raka va marosimlar (dafn marosimidan tashqari) 1 kun bo‘ladi;
2) Ular soat 6:00-23:00 oralig‘ida o‘tkaziladi;
3) Sharoitga qarab osh vaqti xalq deputatlari tomonidan alohida belgilanadi;
4) 200 nafargacha odam qatnashadi, oshda 250 tagacha;
5) Qo‘shaloq to‘yda 250 nafargacha, oshda 300 nafargacha;
6) Dafn marosimida cheklanmagan odam qatnashishi mumkin, osh berish vaqti bundan mustasno;
7) Kortejda 3 tadan ko‘p mashina mumkin emas;
8) Diniy ma’ruzani ruxsati bor shaxs o‘qiydi;
9) "Kelin navkari", "chorlar", "ota ko‘rdi", "sep yoydi", "quda chaqirdi", "kuyov chaqirdi", "kelin chaqirdi", "tog‘ora yuborish", "pul sochish" va hokazolarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi;
10) "yetti", "payshanbalik", "yigirma", "qirq", "yil oshi", "pul tarqatish", "mato ulashish" va hokazolarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi;
11) 50 va undan ortiq shaxs ishtirokida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish uchun tadbir o‘tkazuvchi shaxs hamda to‘yxona, kafe va restoran rahbari o‘rtasida shartnoma tuziladi;
12) To‘yni olib boruvchi artist, fotograf va boshqalar bilan shartnoma tuziladi;
13) 2 nafardan ortiq xonandaga (guruh) ruxsat berilmaydi;
14) Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, Respublika "Nuroniy" jamg‘armasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi o‘z vakolatlari doirasida ushbularga javobgar bo‘ladi. Bu yerda asosiy tushunchalar keltirilgan.

Tadbirkorlik sub’ektini tugatish soddalashtiriladi

Joriy yilning 7 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagandi. Unga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan quyidagilar belgilanadi:

- moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav jamg‘armalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish bo‘yicha doimiy ishlovchi maxsus hududiy komissiyalarni tugatish;

- ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran bir yil ichida ustav fondi ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda shakllantirilmaganligi uchun tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartibini bekor qilish.

QQS bo‘yicha yangi tartiblar kuchga kiradi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 10 iyuldagi "Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzolagandi. Unga ko‘ra:

- QQSni to‘lashga o‘tadigan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq organlarida ushbu soliqning to‘lovchisi sifatida majburiy hisobga olinadi va bu QQS summasini hisobga olishning sharti hisoblanadi;

- QQSni to‘lashga o‘tishda uning summasi QQSni to‘lashga o‘tilgan sanadan avvalgi oxirgi 12 oyda xarid qilingan tovar-moddiy zaxiralarning tasdiqlangan qoldiqlari bo‘yicha realizatsiya hajmiga mos keladigan ulushda hisobga olinadi;

- QQSni to‘lashga o‘tish yoki Yagona soliq to‘lovi (YAST)ni to‘lashni rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma QQSni to‘lashga o‘tiladigan oy boshlanishidan oldin 10 ish kunidan kechiktirmasdan taqdim etiladi.

Byurokratiya darajasi kamayadi: 29 ta idoralararo komissiya va kengashlar tugatiladi

2019 yil 9 dekabrda Prezidentning “Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi.

O‘zbekistonda 2020 yildan boshlab 29 ta idoralararo komissiya va kengashlar, jumladan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l xo‘jaligi kengashi, bojxona tartib-taomillari va eksport-import operatsiyalarini takomillashtirish bo‘yicha ishchi guruh va boshqalar tugatiladi.

Ayrim notarial harakatlar bekor qilinadi

“O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, korxona ijarasi, tekin foydalanish, birlamchi bozorda mol-mulk lizingi va garov (ipoteka) shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash bekor qilinadi.

Obodonlashtirish xodimlariga ovqatlanishlari uchun kompensatsiya berish boshlanadi

"Aholi punktlarini obodonlashtirish sohasida ishlar samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Prezident qarori qabul qilindi. 2020 yil 1 yanvardan obodonlashtirish xodimlariga bir qator ustamalar to‘lanadi. Jumladan, obodonlashtirish bo‘linmalari xodimlariga ovqatlanish uchun eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida kompensatsiya belgilanadi.

Ayrim “pogon”lilar to‘liq pensiya olishni boshlaydi

O‘zbekiston Respublikasi p
Prezidentining "Fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimi samaradorligini oshirish va pensionerlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga o‘zgartirishlar kiritildi. 

2020 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qo‘mitasining pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini o‘tab, xizmatdan bo‘shatilgan hamda yoshga doir pensiya oluvchi pensionerlari shahodatlangan lavozimlar hisobidan xizmatga qayta qabul qilingan taqdirda ularga pensiyalar to‘liq miqdorda to‘lanadi.

Ayrim dorixonalarga kameralar o‘rnatiladi

Joriy yil 6 sentyabr kuni Prezidentning “Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi.

2020 yil 1 yanvardan boshlab qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari hududida joylashgan dorixonalar va ularning filiallaridan tashqari barcha dorixonalarda dori vositalari va tibbiy buyumlarning realizatsiya (berish) jarayonini uzluksiz ravishda videoga yozib olish va bir oy davomida video-yozuvlarni saqlash tartibi joriy etiladi. Bu mexanizm qat’iy ishlashi uchun yangicha tartib dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishdagi litsenziya talabi etib belgilandi.

Hujjat talab qilish yana bittaga kamayadi

“Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra:

2020 yil 1 yanvardan boshlab kommunal axborot tizimlarida ko‘chmas mulkning yangi egalari to‘g‘risida ma’lumot avtomatik rejimda bo‘ladi. Shu bilan birga, kommunal xizmatlari ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi yangi ko‘chmas mulk egalarining hujjatlarni talab qilish huquqiga ega emas.


 


Maqola muallifi

Teglar

Senat Oliy Majlis

Baholaganlar

766

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing