To‘kilgan qon uchun aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerak – BMT Eron haqida
Olam
−
16 yanvar 1831 2 daqiqa
Eronda davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlarida yuzlab, balki minglab odamlar halok bo‘lgan. Bu haqda kecha, 15 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishida Bosh kotib yordamchisi Marta Pobi so‘z ochdi.
Uning qayd etishicha, barcha eronliklar tinch va qo‘rqmasdan o‘z noroziliklarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak.
BMT rahbari avvalroq Eronda namoyishchilarga qarshi haddan tashqari kuch ishlatilgani haqidagi xabarlardan chuqur xavotir bildirgan edi. BMT mamlakat aholisining so‘z erkinligi, uyushmalar va tinch yig‘ilishlar o‘tkazish huquqini hurmat qilish zarurligini ta’kidlab kelmoqda.
“So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ommaviy norozilik namoyishlari davom etayotgan Eronda yuzlab, balki minglab odamlar halok bo‘lgan. BMTda bu ma’lumotlarni tasdiqlash imkoniyati yo‘q. Barcha o‘lim holatlari tekshirilishi va aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerak”, deydi Pobi.
Huquq himoyachilari mamlakatda ko‘plab hibsga olinganlar haqida xabar bermoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026 yil yanvar oyi o‘rtalariga kelib qo‘lga olinganlar soni 18 ming kishidan oshgan.
“Biz rasmiylarni barcha hibsga olinganlar uchun tegishli huquqiy protsedura va adolatli sudlov huquqini hurmat qilishga chaqiramiz. Hammaga insoniy munosabatda bo‘lish kerak”, deydi Pobi.
U Eron rahbariyatini namoyishlar munosabati bilan o‘lim jazosini qo‘llamaslikka chaqirdi.
Live
Barchasi