To‘qayevning matbuot kotibida koronavirus aniqlandi

Olam

image

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning matbuot kotibi Berik Uali koronavirusga chalindi. Bu haqda uning o‘zi ma’lum qildi.

“Qadrli do‘stlar! Afsuski, mening koronavirusga topshirgan so‘nggi tahlilim barcha ehtiyot choralariga qaramasdan musbat natija ko‘rsatganini sizlarga ma’lum qilmoqchiman. Ayni vaqtda men shifoxonada nazoratdaman. Ahvolim qoniqarli”, deya yozgan Berik Uali ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Uning ma’lum qilishicha, Prezident Qosim-Jomart To‘qayev doimiy tartibda ishlashda davom etyapti. Uning sog‘lig‘iga hech qanday xavf yo‘q.

“Davlat rahbari har kuni test topshiradi. Oqo‘rdada sanitariya rejimi va xavfsizlik choralari kuchaytirilgan”, degan Berik Uali.

U barchani karantin rejimi va profilaktika choralariga qat’iy rioya qilishga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, Berik Uali 2019 yil martidan beri Prezidentning Matbuot kotibi hisoblanadi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda 12 511 kishida koronavirus aniqlangan. Hozirgacha ularning 6 903 nafari sog‘aygan va 5 nafari vafot etgan.

Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovda koronavirus aniqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus Qozog'istonda

Baholaganlar

93

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing