To‘qayev Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashmoqchi ekanini aytdi 

Olam

image

Yanvar oyi boshida sodir bo‘lgan tartibsizliklardan so‘ng Qozog‘iston hukumati inson huquq va erkinliklariga rioya qilishni ustuvor vazifa deb biladi. Bu haqda respublika Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Xakala bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.  

“Davlat rahbari Teri Xakalaning iltimosiga ko‘ra “fojiali yanvar” voqealari haqida gapirdi. U Bosh prokuraturaga voqeani har tomonlama va adolatli tergov qilish bo‘yicha topshiriq berilganini ma’lum qildi. Prezident inson huquqlari va erkinliklari mamlakatimizda hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari uchun ustuvor vazifa hisoblanishini ta’kidladi”, deyilgan To‘qayev matbuot xizmati xabarida. 

Shuningdek, Prezident siyosiy tizimni modernizatsiya qilish hamda ijtimoiy nomutanosibliklarni tuzatish va milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga qaratilgan yangi iqtisodiy yo‘nalishni amalga oshirish rejalari haqida ma’lumot bergan. 

Bundan tashqari, To‘qayev Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida yaqin aloqalarni rivojlantirish tarafdori ekanini va avval erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish niyatini tasdiqlagan. 

“O‘z navbatida Teri Xakala Bryussel Qozog‘iston bilan munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor  ekanini ma’lum qildi. Yevropa diplomati har tomonlama va foydali fikr almashilganlik uchun Prezidentga minnatdorlik bildirdi. U Yevropa Ittifoqi Prezidentning islohotlar siyosatini to‘liq qo‘llab-quvvatlashiga va Qozog‘istonning farovonligi hamda barqarorligidan manfaatdor ekanligiga ishontirdi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida. 

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning yanvar oyi boshida Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi, ularning ishtirokchilari politsiya va harbiylarga hujum qildi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev davlat to‘ntarishiga urinish haqida e’lon qildi. 7 yanvarga kelib vaziyat barqarorlashdi, 19 yanvardan butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat bekor qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu voqealar natijasida 225 kishi halok bo‘lgan, 4,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

EI To'qaev

Baholaganlar

89

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing