To‘qayev yanvar fojialaridan keyin qanday xulosaga kelganini aytdi
Olam
−
21 fevral 2022
6493Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “qonli yanvar” fojiasi uchun qasos olmoqchi emasligi, jamiyatni birlashtirish eng muhim ustuvor vazifa ekanini aytdi. Davlat rahbarining Matbuot xizmatiga ko‘ra, u bu haqda bugun, 21 fevral kuni xorijiy mamlakatlar elchilari bilan uchrashuvda gapirgan.
"Yanvar fojiasidan keyin men qasos yoki qutblanishga intilmayman. Men mamlakat Prezidenti sifatida Qozog‘iston fuqarolarini bo‘lish emas, balki birlashtirish eng muhim vazifa deb bilaman. Shuning uchun men millatlararo totuvlik va ko‘p vektorli tashqi siyosat kabi haqiqiy yutuqlardan voz kechmagan holda, o‘tmishda sodir etilgan jiddiy adolatsizlikdan xalos bo‘lishga mo‘ljallangan yangi Qozog‘iston davlatini yaratish konsepsiyasini ilgari surdim”, deydi u.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston xalqining mustahkam irodasi va jamoaviy donoligi tufayli davlat to‘ntarishiga urinishning oldi olingan, fitnachilar va buzg‘unchilar javobgarlikka tortilgan.
“Mening ma’muriyatim o‘z navbatida keng ko‘lamli siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshiradi, investitsiya shartnomalari yaxlitligini ta’minlaydi, korrupsiyaga qarshi tinimsiz kurashadi”, deydi Prezident.
Qozog‘istondagi namoyish
Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, namoyishchilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari.
5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.
7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi.
13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ochiqladi.
LiveBarchasi