To‘qayev Turkiyaga bordi. U Erdo‘g‘an bilan Ukraina masalasini muhokama qilmoqchi

Olam

image

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 10 may kuni ikki kunlik davlat tashrifi bilan Turkiya Respublikasiga keldi. Uni Anqara shahridagi Esenbog‘a xalqaro aeroportida mamlakat vitse-prezidenti Fuat O‘ktay kutib oldi. 

Ahamiyatlisi shundaki, 2019 yilda prezidentlik lavozimiga kirishgan Qosim-Jomart To‘qayev ilk bor Turkiyaga davlat tashrifini amalga oshirmoqda. 

Anqarada bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik xususiyatiga ega bo‘lgan munosabatlarni har tomonlama ko‘rib chiqish, uni kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilinadi. Bu haqda Turkiya Prezidenti devoni ma’lum qilmoqda. 

Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasida turizm, ta’lim, madaniyat va savdo sohalarida iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi. Ularning yakunlari bo‘yicha qator kelishuv va protokollar imzolanishi rejalashtirilgan. 

“Davlat rahbarlari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro muammolar, jumladan, Ukraina inqirozi yuzasidan fikr almashadilar”, deyiladi TRT telekanali axborotida.

Telekompaniyaning eslatishicha, bu yil Qozog‘iston va Turkiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ladi.

Bungacha Turkiya bilan muloqotda mamlakatning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev faol ishtirok etib kelgan. Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlari yig‘ilishlarida ham Qozog‘iston nomidan Nursulton Nazarboyev qatnashgan. 2021 yilning noyabr oyida Istanbulda o‘tgan sammitda esa birinchi bor Qosim-Jomart To‘qayev ko‘rinish berdi. 

Turkiya Qozog‘istonda sodir bo‘lgan yanvar voqealaridan keyin Nazarboyevni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlab chiqqan yagona mamlakat bo‘ldi. Hatto. Nazarboyev joriy yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan "Antaliya diplomatik forumi"ga ham taklif qilindi va Prezident Erdo‘g‘an bilan Qozog‘iston bayrog‘i ostida muzokaralar o‘tkazdi


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya

Baholaganlar

89

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing