To‘qayev TDT telekanallarini o‘zaro efirga uzatishni taklif qildi
Olam
−
06 noyabr
5748Turkiy dunyo uchun yagona axborot makonini yaratish maqsadida kabel telekanallarini o‘zaro efirga uzatish taklif qilindi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 6 noyabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining 11-sammitida so‘z ochdi.
To‘qayevning qayd etishicha, tashkilot doirasida savdo-iqtisodiy, energetika, moliya va investitsiya sohalarida aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
“Turkiy investitsiya fondining samarali faoliyati turkiy davlatlar o‘rtasidagi integratsiyani chuqurlashtirishga yordam beruvchi samarali qadam bo‘ldi, deb hisoblayman. Qirg‘izistonlik birodarlarimiz tomonidan ilgari surilgan “Turkiy dunyoni mustahkamlash: iqtisodiy integratsiya, barqaror rivojlanish, raqamli kelajak va barcha uchun xavfsizlik” mavzusi barcha a’zo davlatlar manfaatlariga javob beradi”, dedi u.
Bildirilishicha, so‘nggi 10 yil ichida TDT a’zolari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada mustahkamlangan. Xususan, 2024 yilda o‘zaro savdo hajmi 45 milliard dollardan oshgan va bu ko‘rsatkichni oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Bundan tashqari, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida transport-logistika aloqalarini mustahkamlash ustuvor vazifa hisoblanadi.
“Turkiy dunyoning kelajakdagi iqtisodiy rivojlanishi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan “O‘rta yo‘lak” potensialidan to‘liq foydalanish kerak. Shu bois, bu yo‘nalishdagi yuk tashishning barqaror rivojlanishini ta’minlaydigan bitim tuzish zarurati mavjud. Umid qilamanki, ishtirokchi davlatlar ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi”, dedi To‘qayev.
Nutqi davomida u moliya va investitsiya sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligi ham ta’kidlagan. Qozog‘iston rahbarining fikricha, bu borada Turkiy investitsiya fondi muhim rol o‘ynashi mumkin. U markaziy banklar kengashini tuzish tashabbusi barcha tomonlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanganini ham ma’lum qildi.
Qozog‘iston Prezidenti inson kapitalini rivojlantirishning ahamiyatiga ham e’tibor qaratdi. To‘qayevga ko‘ra, Turkiy sivilizatsiyani modernizatsiya qilish uchun inson resurslaridan samarali foydalanish va iqtidorli yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini yaratish zarur. Shuningdek, ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikni ham kengaytirish kerak.
“O‘tgan yilgi sammitda mamlakatlarimizda nufuzli oliy o‘quv yurtlari filiallarini ochish takliflari bildirilgan edi. Natijada Turkiyaning Gazi universiteti filiali Qozog‘istonda tashkil etildi”, dedi u.
Bundan tashqari, Qozog‘iston yetakchisi “Raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida”gi bitimning imzolanishi TDT davlatlari uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, u turkiy dunyo uchun yagona axborot makonini yaratish maqsadida kabel telekanallarini o‘zaro efirga uzatishni tashkil qilishni taklif qildi.
O‘z nutqi yakunida To‘qayev bugungi sammit doirasida erishilgan kelishuvlar tashkilotga a’zo davlatlarning potensialini mustahkamlashiga ishonch bildirdi va 2025 yilda TDTga raislik qiluvchi Qirg‘izistonga muvaffaqiyat tiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ushbu sammitda turkiy davlatlarning umumiy alifbosi naqadar muhimligi haqida so‘z yuritgan edi. Uning ta’kidlashicha, bu boradagi sa’y-harakatlar va ishlarni kuchaytirish kerak.
LiveBarchasi