To‘qayev Sunakni Qozog‘istonga taklif qildi

Olam

image

Bugun, 18 mart kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Ostonada Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverlini qabul qildi. Qozog‘iston rahbari uchrashuv chog‘ida Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunakni respublikaga tashrif buyurishga taklif qildi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, suhbat chog‘ida Qosim-Jomart To‘qayev Bosh vazir Rishi Sunakga samimiy salom va ezgu tilaklarni yetkazgan. Shuningdek, u Buyuk Britaniya hukumati rahbarini o‘zi uchun qulay bo‘lgan istalgan vaqtda mamlakatga tashrif buyurishini taklif qilgan. Bu ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashning bir qator aniq masalalarini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat yaratishi aytilgan. 

Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilingan. To‘qayev ikki tomonlama munosabatlar rivojlanishidagi ijobiy dinamikani qayd etgan. 

“Munosabatlarimizni, ayniqsa, iqtisodiyot va siyosiy sohadagi hamkorligimizni shaxsan o‘zim juda muvaffaqiyatli, deb baholayman. O‘zaro aloqalarimizda ushbu ijobiy yo‘nalishni ilgari surish uchun ko‘proq harakat qilishimiz kerak”, degan Qozog‘iston Prezidenti. 

O‘z navbatida, Kleverli Ostona va London o‘rtasidagi aloqalarning ijobiy dinamikasini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya Qozog‘istonda olib borilayotgan siyosiy islohotlarni ijobiy baholaydi. 

“Mamlakatingiz mintaqadagi asosiy savdo hamkorimizdir. Biz sizda mavjud iqtisodiy o‘sish rejalarini amalga oshirish maqsadida birgalikda ishlash uchun yaxshi imkoniyatlarni ko‘rmoqdamiz. Soliq islohoti dasturingiz o‘zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi deb o‘ylayman”, degan Britaniya vaziri.

Shuningdek, u Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Roman Vasilenko bilan uchrashgan va u bilan mamlakatga energiya eksporti uchun muqobil yo‘llarni topishda yordam berishni muhokama qilgan. Bundan tashqari, u Buyuk Britaniya hukumati Ukrainadagi mojaroning Qozog‘istonga salbiy iqtisodiy ta’sirini kamaytirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, 28 fevral – 1 mart kunlari AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ham o‘z faoliyati davomida birinchi marta Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrif buyurgandi. U ham Prezident Qosim-Jomart To‘qayev va Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lib, qator masalalarni muhokama qilgan, Prezident Jo Baydenning mesejlarini yetkazgandi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Buyuk Britaniya To'qaev Sunak

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing