To‘qayev Rim Papasi bilan uchrashdi
Olam
−
19 yanvar
4524Bugun, 19 yanvar kuni Rim Papasi Fransisk Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevni qabul qildi. Bu haqda Muqaddas Taxt matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston rahbari va pontifik o‘rtasidagi suhbat taxminan 20 daqiqa davom etgan.
“Biz “xilma-xillikdagi birlik” tamoyili asosida tinchlik va milliy muloqotning yangi modelini shakllantirishga muvaffaq bo‘ldik. Mamlakatimizda turli din vakillari erkin ibodat qilishi mumkin. E’tiqod erkinligini himoya qilish siyosiy kursimning ajralmas qismidir", deydi Qozog‘iston rahbari.
To‘qayev Rim-katolik cherkovi rahbariga Qozog‘istondagi Qorako‘l ko‘li tasvirlangan mozaikali rasm hamda “Tinchlik qushi” nomli kichik suvenir sovg‘asini berdi. Matbuot xizmatining tushuntirishicha, bu sovg‘alar pontifikning 2022 yil sentyabr oyida Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyida qatnashishi maqsadida Qozog‘istonga qilgan safarini esga olish uchun mo‘ljallangan.
Qayd etish joizki, bu To‘qayev uchun davlat rahbari sifatida Vatikanga ilk tashrifidir. An’anaga ko‘ra, Rim Papasi bilan suhbatdan so‘ng, Davlat kotibiyatida muzokaralar o‘tkazilib, unda xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilingan.
“Haqiqatan ham, hozirgi geosiyosiy notinchlik butun global xavfsizlik arxitekturasini izdan chiqarmoqda, insoniyatga ulkan azob-uqubatlar va iqtisodiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Qozog‘iston mas’uliyatli davlat sifatida global tinchlik va xavfsizlikni saqlashga katta amaliy hissa qo‘shmoqda. Biz dunyoning turli qaynoq nuqtalarida BMTning tinchlikparvar missiyalarida qatnashyapmiz”, deya eslatgan Prezident.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qozog‘iston Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlariga tinchlikparvar kuchlarini yuborishi xabar qilingandi. Bunday taklif Prezident Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan deputatlar muhokamasiga kiritilgan. Parlament a’zolari bir ovozdan tinchlikparvar kuchlarni yuborishga ovoz berishga rozi bo‘lgan.
LiveBarchasi