To‘qayev noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash e’lon qildi
Olam
−
02 iyul 6476 1 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatda noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy xavfsizlik kengashiga topshiriq berdi. Bu haqda bugun, 2 iyul kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida aytildi.
Qayd etilishicha, yig‘ilish davomida ichki va xalqaro migratsiyaning asosiy yo‘nalishlari tahlil qilingan. Bosh vazir o‘rinbosari Ermek Kosherbayev, Ichki ishlar, Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirlarining hisobotlari tinglangan.
Prezident migratsiya siyosatini amalga oshirishda geosiyosiy omillar, demografik prognozlar hamda aholini ko‘chishga majbur qilayotgan sabablarni hisobga olish zarurligini ta’kidlagan. U mamlakatdagi noqonuniy shaxslar harakatini nazorat qilish va odamlar salohiyatini rivojlantirishni rag‘batlantirish muhimligini qayd etgan.
Davlat idoralariga bir qator aniq vazifalar yuklatilgan. Ularning orasida davlat organlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va tahlil qilish, migratsiya sohasidagi barcha axborot tizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash topshiriqlari mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Aqtobe viloyatidagi Martuk tumanida joylashgan “Jaysan” chegara postida bir necha kundan beri katta tirbandliklar kuzatilayotgani xabar qilingan edi. Rossiyaga kirishga uringan fuqarolar soatlar davomida chegarada qolib ketgan. Tirbandliklarning asosiy sababi Rossiyaga vizasiz kirishni istagan fuqarolar uchun QR-kod orqali majburiy identifikatsiya tartibi joriy etilishi bo‘lgan.
Live
Barchasi