Rossiya-Qozog‘iston chegarasida kilometrlab tirbandlik yuzaga keldi (video)
Olam
−
01 iyul 8810 2 daqiqa
Qozog‘istonning Aqtobe viloyatidagi Martuk tumanida joylashgan “Jaysan” chegara postida bir necha kundan beri katta tirbandliklar kuzatilmoqda. Rossiyaga kirishga uringan fuqarolar soatlar davomida chegarada qolib ketgan. Ular yordamga muhtoj bo‘lgan va bu borada Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) xodimlari hamda harbiylar yordamga kelgan. Bu haqda Qozog‘iston FVV xabar berdi.
Qayd etilishicha, qutqaruvchilar tirbandlikda qolgan haydovchilar va yo‘lovchilarga issiq ovqat, ichimlik suvi tarqatmoqda, tibbiy yordam ko‘rsatmoqda, sanitariya nazoratini yuritmoqda va zaruriy axborot bilan ta’minlamoqda.
Rasmiylarga ko‘ra, tirbandliklarning asosiy sababi Rossiyaga vizasiz kirishni istagan fuqarolar uchun QR-kod orqali majburiy identifikatsiya tartibi joriy etilishi bo‘lgan. Hozirda vaziyat doimiy nazoratda va muammoni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Mahalliy “Diapazon” nashrining yozishicha, tirbandliklar o‘tgan haftadan beri davom etmoqda. Chegarada bo‘lgan odamlar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, yuk mashinalari, shuningdek, oilaviy sayohat qilayotgan, ichida bolalar va qariyalar bo‘lgan yengil avtomobillar ham 10 soatlab navbat kutishga majbur bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya 30 iyundan boshlab davlat chegarasi orqali kirib-chiqishda xorijiy fuqarolar uchun yangi tartibni sinov tariqasida joriy qilmoqda. Viza talab etilmaydigan mamlakat fuqarolaridan Rossiyaga kirish uchun oldindan Yagona identifikatsiya va autentifikatsiya tizimida (ESIA) ro‘yxatdan o‘tish va ruID mobil ilovasi orqali kirish to‘g‘risida ariza yuborish so‘raladi.
Live
Barchasi