Rossiyaga borayotgan o‘zbekistonliklar ogohlantirildi
Olam
−
19 may 39973 2 daqiqa
Joriy yil 30 iyundan boshlab vizasiz tartibda Rossiyaga borayotgan chet el fuqarolari “Gosuslugi RuID” mobil ilovasi orqali oldindan ro‘yxatdan o‘tishi va QR-kod olishi shart bo‘ladi. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasining konsullik bo‘limi bu haqdagi ogohlantirish bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, QR-kodni chegaradan o‘tishda taqdim etish talab etiladi.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun:
- shaxsiy kabinet yaratish;
- fotosurat va shaxsiy ma’lumotlarni yuklash;
- Rossiyada bo‘lish muddatini ko‘rsatish kerak.
Ariza safardan kamida 72 soat oldin berilishi lozim.
Agar kelish zarurati to‘satdan (masalan, og‘ir kasallik yoki yaqin qarindosh vafoti) paydo bo‘lsa, arizani 4 soat qolganda ham topshirish mumkin.
Quyidagilar ro‘yxatdan o‘tishdan ozod qilinadi:
- Belarus fuqarolari;
- 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar;
- viza, vaqtinchalik yoki doimiy yashash ruxsatnomasiga ega shaxslar.
6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun arizani ularning ota-onalari yoki qonuniy vakillari topshiradi – ularda ham shaxsiy ro‘yxatdan o‘tish kodi bo‘lishi shart.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 maydan huquqiy maqomini tartibga solmagan shaxslarga nisbatan Rossiyadan chiqarib yuborish va kelajakda mamlakatga kirishni taqiqlash kabi choralar qo‘llanila boshlashi xabar qilingandi. Keyinchalik Rossiya Prezidenti Vladimir Putin xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun Rossiyadagi maqomini tartibga solish yoki mamlakatni tark etish muddatini joriy yil 10 sentyabrga qadar uzaytirdi.