To‘qayev Navro‘zni “qonli yanvar” fojialari markazida nishonladi

Olam

image

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Navro‘z bayramini poytaxtliklar bilan emas, balki “qonli yanvar” voqealarining fojiaviy markazi bo‘lgan Olmaotada nishonladi. Davlat rahbari shahardagi bayram tantanalari o‘tayotgan hududga borib, nutq so‘zladi. 

“Oldinda bizni keng ko‘lamli islohotlar, yangi Qozog‘iston qurilishi kutmoqda. Va sizlar, yoshlar bilan birgalikda bu yangi mamlakatni, yangi Qozog‘istonni, ikkinchi respublikani albatta quramiz va muvaffaqiyatga erishamiz”, deydi u shahar aholisiga murojaat qilib.  

Prezident nutqi respublika telekanallari orqali jonli efirda namoyish etildi. 

Davlat rahbari yanvar oyidagi tartibsizliklar chog‘ida Olmaota qaroqchilar va terrorchilarning markaziga aylangani, begunoh odamlar halok bo‘lgani va jabr ko‘rgani, shahar infratuzilmasiga katta zarar yetkazilganini esladi.  

"Olmaotaliklar, buning uchun sizlardan minnatdorman, davlatchiligimiz uchun misli ko‘rilmagan tahdid oldida qotib qolganingiz yo‘q. Sizlar tanqidiy pallada birlashdingiz, butun mamlakat siz bilan edi. Xalqimiz birligi va hamjihatligi tufayli bu og‘ir sinovdan o‘tdik”, deydi To‘qayev. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 mart kuni mamlakat Parlamenti yig‘ilishida ishtirok etgan Prezident Qosim-Jomart To‘qayev qozog‘istonliklarga murojaat qilib, Qozog‘istonning tashqi va ichki dushmanlari yanvar oyida bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar paytida hokimiyatni egallab olishni rejalashtirgan bo‘lganini ochiqladi. 

Qozog‘istondagi namoyish

Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, namoyishchilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari.  

5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.

7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi. 

13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ochiqladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

29

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing