To‘qayev Mudofaa vazirini almashtirdi
Olam
−
09 iyun 7124 2 daqiqa
Kecha, 8 iyun kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Mudofaa vaziri Ruslan Jaqsiliqovni lavozimidan ozod qilib, uning o‘rniga Dauren Kosanovni tayinladi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Jaqsiliqov 2022 yil yanvaridan buyon Qozog‘iston Mudofaa vazirligiga rahbarlik qilib kelgan. 2024 yil fevralida esa qayta tayinlangan. Bungacha u Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Milliy gvardiya bosh qo‘mondon sifatida ishlagan.
Mahalliy OAVga ko‘ra, u Mudofaa vaziri bo‘lgan vaqt mobaynida vazirlik faoliyatiga nisbatan bir necha bor tanqidlar yangragan. Xususan, “Ulys Media”ning yozishicha, ayniqsa, harbiylar o‘rtasidagi o‘z joniga qasd qilish holatlari yuzasidan e’tirozlar ko‘p bo‘lgan. 2022 yil iyunida “Orda.kz” nashri armiyada o‘z joniga qasd qilish holatlari ortib borayotganini ma’lum qilgan, ammo bu qachondan boshlanganini yoki qanday miqdorda ortganini ko‘rsatmagan. O‘sha paytda Jaqsiliqov bu masalaga izoh berar ekan, “harbiy xizmatchilar o‘z muammolari bilan armiyaga keladi, faqat armiyani ayblab bo‘lmaydi,” degan.
2023 yil noyabrida jurnalistlar o‘z joniga qasd holatlari haqida izoh so‘raganda Jaqsiqliqov ushbu holatlarning aksariyati harbiy xizmat bilan bog‘liq emasligini aytgan.
“Suitsidlarning 99 foizi harbiy xizmat bilan bog‘liq emas. “Dedovshina” ijtimoiy hodisa sifatida endi yo‘q. Askarlar atigi bir yil xizmat qiladi. Bu yerda shaxsiy ziddiyatlar bilan bog‘liq muammolar bor”, deya javob bergan.
Qozog‘iston Mudofaa vazirligi rasmiy saytida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra, yangi tayinlangan vazir Dauren Kosanov 1990 yilda Armavir Oliy harbiy aviatsiya uchuvchilar bilim yurtini, 2005 yilda Yuriy Gagarin nomidagi Harbiy-havo akademiyasini, 2013 yilda esa Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Harbiy akademiyasini tamomlagan.
“Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Qosim-Jomart To‘qayev Mudofaa vaziri Dauren Kosanovni qabul qildi. Uchrashuv chog‘ida davlat rahbari armiyaning jangovar shayligini mustahkamlash, boshqaruv tizimiga raqamli yechimlarni joriy etish, maxsus operatsiya kuchlarining salohiyatini kengaytirish, ijtimoiy va mafkuraviy ishlar samaradorligini oshirish, shuningdek, harbiy infratuzilmani modernizatsiya qilish bilan bog‘liq bir qator aniq topshiriqlarni berdi”, deyiladi Oqo‘rda matbuot xizmati xabarida.
Live
Barchasi