To‘qayev Moskva patriarxini mukofotladi
Olam
−
17 Sentabr 1996 3 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 17 sentyabr kuni Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirillni Qozog‘iston va Rossiya xalqlari o‘rtasidagi ma’naviy aloqalarni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi va alohida hurmat belgisi sifatida “Oltin Qiron” ordeni bilan taqdirladi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill Ostona shahriga Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilarining VIII qurultoyida ishtirok etish uchun borgan. To‘qayev uni qabul qildi va bugungi uchrashuv Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi.
“Avvalo, qurultoy davomida biz bilan birga bo‘lishga qaror qilganingiz uchun sizga samimiy minnatdorlik bildirmoqchiman. Sizning ishtirokingiz, aslida, ushbu Forumning ko‘zlangan muvaffaqiyatiga erishish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Biz sizni samimiy hurmat qilamiz. Qozog‘iston va Rossiya strategik sheriklar, ittifoqchilar ekanini bilasiz”, dedi To‘qayev.

Patriarx Kirill ham Qosim-Jomart To‘qayevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rus pravoslav cherkovining missiyasi doimo tinchlik va odamlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash bilan bog‘liq bo‘lganini ta’kidladi.
“Muborak yurtingizga tashrif buyurish men uchun doimo ijobiy his-tuyg‘ular bilan birga bo‘lgan va hozir ham bu davom etmoqda. Qozog‘iston – do‘st davlat. Biz haqiqatan ham asrlar davomida birga yashadik. Hozir davlatlar har xil, ammo bu bizni do‘stlik, o‘zaro yordam va hamkorlik rishtalarini saqlab qolishimizga to‘sqinlik qilmaydi”, dedi Moskva Patriarxati rahbari.
Qayd etish joiz, hozirda Ostona shahrida Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilarining VIII qurultoyi bo‘lib o‘tmoqda. Qosim-Jomart To‘qayev qurultoyning “Dinlar muloqoti: kelajak uchun sinergiya” mavzuidagi yalpi majlisida ishtirok etmoqda.

Ma’lumot uchun, “Oltin Qiron” Qozog‘iston Respublikasining eng yuqori darajali ordeni bo‘lib, u bilan Qozog‘iston Respublikasi oldida alohida xizmat qilgan shaxslar taqdirlanadi. “Oltin Qiron” ordeni bilan taqdirlanishga nomzodlar Qozog‘iston Prezidenti tomonidan belgilanadi.
Shu paytgacha ushbu orden bilan Rossiya Federatsiyasi prezidenti Boris Yelsin (1997 yil 27 fevral), O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov (1997 yil 2 iyun), Ukraina prezidenti Leonid Kuchma (1999 yil 7 sentyabr), Xitoy Xalq Respublikasi raisi Szyan Szemin (1999 yil 19 noyabr), Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya qirolichasi Yelizaveta II (2000), Germaniya kansleri Gerxard Shryoder (2003 yil 5 dekabr), Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin (2004 yil 8 yanvar), Misr prezidenti Muhammad Husni Muborak (2008 yil 13 may), Yaponiya imperatori Akixito (2008 yil 30 may), Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Xalifa bin Zayed Ol Nahayon (2009 yil 20 fevral), Finlyandiya prezidenti Tarya Halonen (2009), Koreya Respublikasi prezidenti Li Myon Bak (2009 yil 4 may), Fransiya Respublikasi prezidenti Nikolya Sarkozi (2009 yil 5 oktyabr), Turkiya prezidenti Abdulla Gul (2012), o‘sha paytdagi Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘an (2012), Ispaniya qiroli Xuan Karlos I (2013 yil 1 fevral), o‘sha paaytdagi Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov (2022), Saudiya Arabistoni podshohi Salmon ibn Abdul-Aziz Ol Saud (2022), Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev (2022 yil 23 avgust), Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin (2022 yil 14 sentyabr), Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy (2022 yil 11 oktyabr), Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon (2023 yil 2 may), O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (2024 yil 8 avgust), Iordaniya podshohi Abdulloh II ibn Husayn (2025 yil 19 fevral) va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov (2025 yil 22 avgust) mukofotlangan.
Live
Barchasi