To‘qayev MDH maxsus xizmatlari rahbarlari bilan uchrashdi
Olam
−
04 Oktabr
3081Bugun, 4 oktyabr kuni Qozog‘istonda MDH davlatlari xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining 55-majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.
Unda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov, Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Yermek Sagimbayev, Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov, Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Saymo‘min Yatimov, Ozarbayjon Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Ali Nagiyev, Armaniston va Belarus delegatsiyalari, shuningdek, Ijroiya qo‘mita va MDH Aksilterror markazi vakillari ishtirok etgan.
Majlisda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mazkur platforma xavfsizlik sohasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish mexanizmi sifatida e’tirof etilgani, shuningdek, hozirgidek murakkab davrda Kengashning roli har qachongidan ham ortib borayotganini ta’kidladi. Prezident shoshilinch va ekspert ma’lumotlarini o‘z vaqtida almashish mintaqaviy xavfsizlikka tahdid va xavflarga qarshi turish qobiliyatini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Davlat rahbari mazkur uchrashuv yakunlari xalqaro xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga va Hamdo‘stlik maxsus xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun maqbul shart-sharoitlar yaratishiga ishonch bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining 54-majlisi joriy yilning 24 may kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tgandi.
LiveBarchasi