To‘qayev Maxsus tezkor qo‘shinlar qo‘mondonligini tuzdi
Olam
−
24 yanvar 2022
7422Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Qozog‘iston Respublikasi Qurolli Kuchlari Maxsus tezkor qo‘shinlar qo‘mondonligini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Bundan tashqari, mamlakatda Maxsus operatsiyalar kuchlari qo‘mondoni lavozimi ham joriy etildi.
Prezident To‘qayev tegishli farmonini joriy yilning 19 yanvar kuni imzolagan. Shu kuni Qozog‘istonda Mudofaa vaziri almashtirildi.
Avvalroq To‘qayev Qozog‘istonda harbiy razvedkani kuchaytirish zarurligini, bu esa mamlakat rahbariyatini tashqi va ichki tahdidlar haqida o‘z vaqtida, ishonchli ma’lumotlar bilan ta’minlashi kerakligini ta’kidlagan edi.
“Davlat rahbari farmoniga muvofiq tashkil etilayotgan Maxsus tezkor qo‘shinlar qo‘mondonligiga muhim vazifa yuklangan. Tez orada boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda barcha tashkiliy choralarni ko‘rish va maxsus operatsiyalarni o‘tkazishga shaylikni ta’minlash zarur”, deyiladi 19 yanvar kuni Oqo‘rda matbuot xizmati e’lon qilgan press-relizda.
Qozog‘istondagi tartibsizliklar
2022 yilning ilk kunlarida Qozog‘istonda yoqilg‘i narxi oshishi sababli boshlangan norozilik namoyishlari tartibsizliklarga aylandi. Odamlar ko‘chalarga chiqdi, Olma-otada va boshqa ba’zi shaharlarda xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlar va talonchilik boshlandi, jangarilar davlat muassasalariga hujum qildi. Mamlakat hududida favqulodda holat joriy etildi, hukumat iste’foga chiqarildi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev yoqilg‘i sotish narxlarini tartibga solishni buyurdi, sodir bo‘layotgan voqealarni tashqi agressiya deb atadi va yordam so‘rab KXSHT bo‘yicha hamkorlariga murojaat qildi.
Tashkilot a’zolari Respublikaga ma’muriy va diplomatik binolarni qo‘riqlash bilan shug‘ullanuvchi hamda mahalliy harbiylarga huquq-tartibotni saqlashda ko‘maklashuvchi kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yubordi. Hozirda tinchlikparvar kuchlar Qozog‘istonni tark etgan.
Yanvar voqealari natijasida 695 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi, jumladan, 19 nafar xavfsizlik xizmati xodimlari halok bo‘lgan. BMT mingga yaqin yaralanganlar haqida xabar bergan.
LiveBarchasi