To‘qayev Xalqaro gidroenergetika konsorsiumini yaratish tashabbusi bilan chiqdi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Markaziy Osiyo davlatlari uchun xalqaro suv-energetika konsorsiumini yaratish tashabbusi bilan chiqdi.  Bu haqda u bugun, 15 sentyabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) ta’sischilari – Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishida so‘z ochdi.

To‘qayev mintaqadagi barcha davlatlarning irrigatsiya, gidroenergetika va ekologiya sohalaridagi manfaatlarini hisobga olgan holda Markaziy Osiyo suv-energetika resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha uzoq muddatli va barqaror mintaqaviy hamkorlik mexanizmini yaratishni taklif qildi.

“Bizning fikrimizcha, bunday mexanizm rolini Xalqaro gidroenergetika konsorsiumi o‘ynashi mumkin. Bundan tashqari, Orol dengizi havzasidagi suv resurslarini hisobga olish, monitoring qilish, boshqarish va taqsimlashning yagona avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha ish rejasini ishlab chiqish zarur. Ushbu tashabbusning amalga oshirilishi mintaqada suvdan foydalanishning shaffofligini ta’minlaydi hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan muloqot va do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi”, degan To‘qayev. 

Shuningdek, u Qirg‘izistonning ham ushbu jamg‘armaning to‘laqonli a’zosi bo‘lishidan umidvorligini bildirgan. 

“Biz Bishkekning jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ishchi guruhi faoliyatidagi ishtirokini ijobiy baholaymiz. Umid qilamizki, Qirg‘iziston Respublikasi yana Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga to‘laqonli a’zo bo‘ladi. Kelgusida biz qardosh Qirg‘iziston tomonining jamg‘armaga raislik qilishini mamnuniyat bilan qarshi olamiz”, deya xulosa qildi Prezident.

Ma’lumot uchun, OQXJ 1993 yilda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari tomonidan ekologik inqirozni bartaraf etish va Orol dengizi havzasidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ushbu jamg‘armaning a’zolari hisoblanadi. Qirg‘iziston esa 2016 yilda jamg‘armadagi ishtirokini to‘xtatgan. 2020 yildan buyon Tojikiston OQXJga raislik qilib kelayotgan edi. Ushbu yig‘ilishda jamg‘arma raisligi Qozog‘istonga o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon mazkur tadbirda OQXJ tarkibida Markaziy Osiyodagi energetika masalalarini tartibga solish uchun komissiya tuzishni taklif qilgandi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muzokaralarga Afg‘onistonni ham qo‘shish kerakligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u “Qo‘shtepa” kanali qurilishining barcha jihatlarini xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda o‘rganish bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruh tuzish zarurligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Qosim-Jomart To'qaev gidroenergetika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing