To‘qayev qozog‘istonliklarga “Odobnoma”dan “dars o‘tdi”

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatda yangi xulq-atvor kodeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surib, fuqarolarni an’anaviy odob-axloq me’yorlariga qaytishga chaqirdi. Bu haqda To‘qayev “Qozog‘iston haqiqati” muxbiriga bergan intervyusida so‘z ochgan.

Qayd etilishicha, Prezident yoshlar va katta yoshdagilarning muomalasini kuzatib, jamiyatda milliy an’analarga ko‘proq e’tibor berish zarur degan xulosaga kelganini aytgan. Uning aytishicha, erkaklarning bir-birini quchoqlashi va o‘pishi, shuningdek, erkak va ayollarning bunday salomlashishi qozoq an’analariga xos emas.

To‘qayev harbiylar va generallar o‘rtasida salomlashishda qo‘l berib ko‘rishish, tabassum qilish yoki o‘ng qo‘lni ko‘ksiga qo‘yish kabi odoblarni ma’qulroq deb hisoblashini bildirgan.

“Erkaklar bir-biriga qo‘l uzatib, mahkam qo‘l siqishi kerak. Qo‘lni iliq kotlet yoki novda uzatgandek emas, balki tabassum bilan salomlashish lozim”, degan To‘qayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tashabbus faqat salomlashish madaniyatini o‘zgartirish bilan cheklanmaydi. Shuningdek, Prezident yangi xulq-atvor kodeksi orqali jamiyatda tozalik, tartib va o‘zaro hurmat madaniyatini shakllantirish zarurligini ta’kidlagan.

To‘qayev bu jarayonni “Toza Qozog‘iston” aksiyasi va shaharlarni obodonlashtirish ishlari bilan ham bog‘lagan. U “toza” tushunchasi nafaqat atrof-muhit, balki insonning niyati va qalbi pokligini ham anglatishi kerakligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan Tashqi siyosat konsepsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Hujjatda bir qator ta’riflar yangilangan, xususan, konsepsiyadan birinchi prezident Nursulton Nazarboyevning nomi chiqarib tashlangandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing