To‘qayev qozog‘istonliklardan uzr so‘radi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kecha, 30 mart kuni mamlakatning qator hududlarida suv toshqini tufayli yuzaga kelgan favqulodda vaziyat yuzasidan tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda mamlakat Bosh vaziri Oljas Bektenov, Prezident Administratsiyasi rahbariyati va boshqa rasmiy shaxslar ishtirok etdi. Davlat rahbariga hududlardagi bugungi holat, jumladan, odamlarni qutqarish, suv toshqinlari oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Qosim-Jomart To‘qayev hukumat va hokimlar faoliyatida beparvolikka yo‘l qo‘ygani va ularga professionallik yetishmasligini keskin tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat va mahalliy ijro hokimiyati organlari o‘rtasida muvofiqlashtirish yo‘q. Prezident jabrlangan hududlar aholisining shaxsiy mulki ko‘p miqdorda yo‘qolganidan afsusda ekanini bildirdi. U xalqidan uzr so‘radi va barcha jabrlanganlarga moddiy yordam ko‘rsatilishiga ishontirdi.

Yig‘ilishda sel toshqiniga qarshi choralar o‘z vaqtida ko‘rilmagani uchun Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar, Suv xo‘jaligi va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitovga, Atirau, Aqmo‘la, Olmaota, Pavlodar va Abay viloyatlari hokimlariga qattiq tanbeh, Aqto‘be, Qo‘stanay va G‘arbiy Qozog‘iston viloyatlari hokimlariga ogohlantirish berildi. 

Prezident vaziyatni to‘g‘rilash uchun tezkor operativ harakatlar bilan bir qatorda tizimli choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

Bosh vazir boshchiligida Respublika shtabini tashkil etish, shuningdek, barcha hududlarda selga qarshi ishlarni kuchaytirish va birinchi navbatda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash topshirildi. Davlat organlariga tabiiy ofatlar oqibatida yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash va kelgusida shu kabi ofatlarning oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, 27 mart kuni Qozog‘istonning ayrim viloyatlarida qorning kuchli erishi oqibatida suv bilan bog‘liq vaziyat yanada murakkablashgani sababli, Abay, Uralsk, G‘arbiy Qozog‘iston, Aqto‘be viloyatida favqulodda holat e’lon qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston suv toshqini Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing