To‘qayev Qozog‘istondagi siyosiy muhit bo‘yicha xalqqa murojaat qilishi kutilmoqda
Olam
−
15 mart 2022
8086Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ertaga, 16 mart kuni Qozog‘iston xalqiga murojaat qiladi. Davlat rahbarining murojaati siyosiy islohotlarning yangi dasturiga bag‘ishlanadi. Bu haqda bugun, 15 mart kuni Prezident matbuot kotibi Berik Uali ma’lum qildi.
“16 mart kuni davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘iston Respublikasi parlamenti palatalarining qo‘shma majlisida Qozog‘iston xalqiga Murojaatnoma bilan chiqishni rejalashtirmoqda. Prezidentning bu galgi Murojaatnomasi siyosiy islohotlarning yangi dasturini amalga oshirish va yaqin kelajakda tadbiq etiladigan qator ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlarga bag‘ishlanadi”, deb yozdi Facebook’dagi sahifasida.
Unga ko‘ra, uchrashuvni respublika telekanallari jonli efirda namoyish etadi.
Avvalroq Uali To‘qayev mart oyida Qozog‘iston xalqiga yo‘llagan murojaatida yanvar oyidagi tartibsizliklar bo‘yicha tergovning dastlabki natijalarini ommaga e’lon qilishni rejalashtirayotganini aytgandi.
Qozog‘istondagi namoyish
Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, namoyishchilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari.
5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.
7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi.
13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ochiqladi.
LiveBarchasi