To‘qayev Germaniya Prezidentini qabul qildi
Olam
−
20 iyun 2023 4246 2 daqiqa
Kecha, 19 iyun kuni Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Qozog‘istonga keldi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.

Ostona aeroportida oliy martabali mehmonni Qozog‘iston Bosh vaziri Alixan Smoilov kutib olgan. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev esa xorijlik mavqedoshini Oqo‘rdaning katta zalida qarshilagan. An’anaga ko‘ra, martabali mehmonning tashrifi sharafiga tantanalar zalida faxriy qorovul saf tortgan.

Prezident orkestri ikki davlat madhiyalarini ijro etgan. Qosim-Jomart To‘qayev va Frank-Valter Shtaynmayer gilam bo‘ylab Qozog‘iston Respublikasi Davlat bayrog‘igacha borgan. U Germaniya delegatsiyasi Qozog‘iston Vazirlar Mahkamasi vakillari bilan ham tanishgan. Shundan so‘ng esa ikki davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokarasi boshlangan.

To‘qayev va Shtaynmayer Qozog‘iston-Germaniya strategik sherikligining holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qilgan. Tomonlar siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, energetika, transport-logistika sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratgan.
Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirish doirasida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish, neft va gaz, “yashil” energetika va sanoat sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlangan.
Shuningdek, ikki davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashgan. Qozog‘iston Prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, yakkama-yakka muzokaralar do‘stona ruhda, konstruktiv va mazmunli o‘tgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 21 iyungacha davom etuvchi tashrif davomida Prezident Shtaynmayer Qozog‘iston va Germaniya universitetlari rektorlari forumida nutq so‘zlashi, Qosim-Jomart To‘qayev bilan birgalikda Qozog‘iston-Germaniya biznes-forumi ishida ishtirok etishi, Mangistau viloyatiga borishi va u yerda Qozog‘iston-Germaniya muhandislik institutining ochilishi hamda Shvetsiya va Germaniyaning Svevind kompaniyasining yashil vodorod ishlab chiqarish zavodida sinov burg‘ulash ishlarini boshlash marosimida qatnashishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Shtaynmayer Qozog‘istondan so‘ng, 21-23 iyun kunlari Qirg‘izistonda ham bo‘lib, u yerda Prezident Sadir Japarov bilan muzokaralar o‘tkazishi ma’lum bo‘lgandi.
Live
Barchasi