To‘qayev Erdo‘g‘an yoniga boradi
Olam
−
25 iyul 2898 1 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan kelasi hafta rasmiy tashrif bilan Turkiyaga boradi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, To‘qayevning Turkiyaga rasmiy tashrifi joriy yilning 29 iyul kuniga belgilangan. Tashrif davomida Anqarada ikki davlat rahbarlari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Muzokaralar Qozog‘iston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratiladi.
“Prezidentlar, shuningdek, Qozog‘iston va Turkiya o‘rtasidagi oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining beshinchi yig‘ilishini ham o‘tkazadi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Ma’lumot uchun, To‘qayev va Erdo‘g‘an oxirgi bor 2024 yilning noyabr oyida Bakuda o‘tkazilgan Butunjahon iqlim sammitida uchrashgan edi. O‘shanda ikki davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashgan hamda ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga kelishib olgan edi.
Shuningdek, Turkiya Prezidenti o‘tgan yil yozda rafiqasi bilan birga Ostona shahriga tashrif buyurgan, u yerda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida qatnashgan edi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 11 iyul kuni Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan NATO sammiti arafasida Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiya SHHTga a’zo bo‘lmoqchi ekanligini ma’lum qilgandi.