“Tugatilishimizni barvaqt nishonlashmoqda”. “Ozodlik radiosi” USAGM'ni sudga berdi

Olam

image

“Ozodlik radiosi” AQSH Global media agentligi (USAGM) va uning ikki amaldoriga qarshi da’vo qo‘zg‘atdi. Bu haqda “Ozodlik radiosi” xabar berdi.
 
Qayd etilishicha, da’voda AQSH Global media agentligining Kongress tomonidan nashr uchun ajratilgan mablag‘larni berishni rad etishi federal qonunlarni, jumladan, AQSH Konstitutsiyasini buzishi aytiladi. Chunki Konstitutsiyaga ko‘ra, federal mablag‘lar ustidan nazorat qilish huquqi faqat Kongressga tegishli.

Ma’lum qilinishicha, ish AQSHning Kolumbiya okrugi federal sudida ko‘rib chiqiladi. “Ozodlik radiosi” prezidenti va bosh direktori Stiven Kapus bu borada izoh berib, hozir “Amerika dushmanlari propagandasi va senzurasiga yo‘l berish vaqti emas”ligini ta’kidlagan.

“Qonun bizning tarafimizda va bizning tugatilishimizni dunyo bo‘ylab avtoritar rejimlar barvaqt nishonlamoqda”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 mart kuni Donald Tramp ma’muriyati AQSH tashqarisidagi auditoriyaga mo‘ljallangan ommaviy axborot vositalari, jumladan, “Amerika ovozi” (Voice of America) va “Ozodlik radiosi” xodimlarini ishdan bo‘shatgandi. Bu haqda jurnalistlarga elektron pochta orqali xabar berilib, ularga idoraga kirish taqiqlangani va xizmat guvohnomalari hamda uskunalarini topshirishlari lozimligi aytilgan.

Tramp 14 mart kuni hukumatga qarashli yettita mustaqil federal agentlik shtatlarini qisqartirish haqida farmon imzolagan. Bu o‘zgarishlar, jumladan, quyidagi tashkilotlarga ta’sir qilgan:

  • AQSHning Global media agentligi (USAGM)
  • AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)
  • AQSHning Muzey va kutubxonalar xizmatlari instituti (IMLS)

Maqola muallifi

Teglar

Ozodlik radiosi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing