Tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi olib tashlanmoqda
Jamiyat
−
15 dekabr 2020
5617Jinoyat kodeksidan tuhmat va haqorat qilganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi olib tashlanmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ma’lum qilgan.
Deputatga ko‘ra, bugun, 15 dekabr kuni Qonunchilik palatasi majlisida Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ko‘rib chiqilgan.
Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksidan tuhmat va haqorat qilganlik uchun mavjud bo‘lgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi bekor qilinib, o‘rniga jarima yoki majburiy jamoat ishi jazosi qo‘shilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Pornografik mahsulotlarni tarqatish va shafqatsizlikni targ‘ib qilganlik uchun ham jarima miqdorlari oshirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, qonun loyihasi deputatlar tashabbusi bilan kiritilgan. Loyiha ko‘rib chiqish uchun Oliy Majlis Senatiga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ommaviy axborot vositalariga noto‘g‘ri ma’lumot berganlik uchun javobgarlik joriy etilishi xabar qilingandi.
LiveBarchasi