TTZgacha yerusti metrosi quriladi

Jamiyat

image

Toshkent metropolitenini Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgan. Loyihani 2 bosqichda amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Bu haqda bugun, 19 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan Toshkent metropolitenini rivojlantirish bo‘yicha rejadagi loyihalar yuzasidan axborotda ma’lum qilindi. 

Bu bo‘yicha o‘tgan avvalgi muhokamalarda Prezident loyihani mablag‘ va qulaylik jihatidan maqbullashtirish vazifasini qo‘ygan edi. Shu asosida tayyorlangan yangi taklifga ko‘ra, loyihani 2 bosqichda amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Birinchi bosqichda Chilonzor yo‘lining Pushkin bekatidan Mirzo Ulug‘bek tumanining Feruza dahasigacha mavjud temiryo‘lga parallel ravishda yer yuzasi bo‘ylab metro yo‘li quriladi. Ikkinchi bosqichda u yerdan Toshkent traktor zavodi dahasi shoh bekatigacha yo‘nalish barpo etiladi.

Hozirgi kunda shu tomondan poytaxt markaziga bir kunda 47 mingta avtotransport, jami 194 mingta yo‘lovchi kirib kelishi kuzatilmoqda. Rejalashtirilgan yangi yo‘nalish 85 ming yo‘lovchini qamrab olishi kutilmoqda.

Taqdimotda loyihaning texnik va amaliy jihatlari batafsil ko‘rib chiqildi.  

Qayd etish joiz, poytaxt jamoat transportida metropolitenning o‘rni juda katta. Yo‘lovchilarga qulayliklarni oshirish maqsadida yangi yo‘nalishlar qurilmoqda. Yunusobod yo‘li Turkiston bekatigacha, Chilonzor yo‘li Sergeli tumanigacha uzaytirildi. Davlat rahbari tashabbusi bilan Toshkentda yerusti metrosi ham paydo bo‘ldi – Do‘stlik bekatidan Sergeligacha bo‘lgan yerusti halqasi barpo etildi. Bu yangi yo‘nalishlar poytaxtimizning Yunusobod, Yashnobod, Bektemir, Mirobod, Sergeli va Yangihayot tumanlarini bog‘lab, aholining kundalik qatnoviga katta qulaylik yaratdi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident mart oyida tanishgan oldingi loyihaga ko‘ra, Buyuk ipak yo‘li metrosidan Toshkent traktor zavodi dahasigacha 10 ta bekat qurilishi nazarda tutilayotgandi. Bu tarmoq 30 ta mahalla, 148 ming aholini qamrab olishi aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent metro TTZ

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing