Sukerberg Bayden ma’muriyatini Meta'ga bosim o‘tkazishda aybladi
Olam
−
11 yanvar
1912AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati koronavirus pandemiyasi davrida senzurani joriy etish maqsadida Meta kompaniyasiga bosim o‘tkazgan. Bu haqda Facebook, Instagram va WhatsApp ijtimoiy tarmoqlari egasi, Meta asoschisi va bosh direktori Mark Sukerberg podkastida aytib o‘tdi.
IT korporatsiyasi rahbarining aytishicha, Bayden ma’muriyati koronavirusga qarshi emlash kampaniyasi bilan bog‘liq postlarni senzura qilishni talab qilgan.
"Bayden ma’muriyatidan odamlar bizning jamoamizga qo‘ng‘iroq qilishdi, baqirishdi va bahslashishdi", dedi milliarder.
Sukerbergning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyada Oq uy vakillari bilan telefon suhbatlari yozuvlari yo‘q, biroq elektron pochta xabarlari saqlanib qolgan.
“Ular bizga to‘g‘ri va haqiqatni aks ettirgan kontentni olib tashlashimiz uchun katta bosim o‘tkazishdi. Muxtasar qilib aytganda, ular nojo‘ya ta’sir ko‘rsatadigan vaksinalar haqidagi xabarlarni olib tashlashni xohlashdi", deydi tadbirkor.
Sukerbergning ta’kidlashicha, bir paytlar Meta postlarni o‘chirishdan ochiqchasiga bosh tortgan. Bayden ijtimoiy tarmoqlardagi memlar "odamlarni o‘ldiradi" deganidan keyin esa kompaniyaga bosim kuchaygan.
Qayd etish joiz, joriy yilning 15 yanvar kuni AQSH prezidentligidan ketayotgan Jo Bayden xalqiga xayrlashuv murojaati bilan chiqish qiladi. 20 yanvarda esa AQSHning saylangan Prezidenti Donald Trampning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tadi.
Sukerbergga keladigan bo‘lsak, u o‘tgan yilning 27 noyabr kuni AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampni yo‘qlab borgan. Sukerberg Floridada Trampning bo‘lajak ma’muriyati a’zolari bilan ham uchrashgan va kechki ovqatga taklif qilgani uchun Trampdan minnatdor ekanini qo‘shimcha qilgan. U boshchiligidagi Meta korporatsiyasi esa Trampning inauguratsion fondiga 1 million dollar xayriya qildi.
Eslatib o‘tamiz, 7 yanvar kuni Mark Sukerberg Facebook, Instagram va Threads ijtimoiy tarmoqlarida senzura mavjudligini tan olgan va kontent moderatsiyasi keskin zaiflashganini e’lon qilgandi. Shuningdek, u Tramp bilan birga boshqa mamlakatlarda, jumladan, Yevropada ham senzuraga qarshi kurashishga va’da berdi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

