Transport vazirligi Samarqand, Namangan va Urganch aeroportlarining xorijiy kompaniyaga o‘tishi bo‘yicha rasmiy bayonot berdi
Jamiyat
−
15 iyun 2019
3952O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan Samarqand, Namangan va Urganch aeroportlari boshqaruvi “Novaport” kompaniyasiga o‘tishi to‘g‘risidagi xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
"So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish, havo kemalari parkini bosqichma-bosqich yangilash, parvozlarning yuqori darajadagi xavfsizligini ta’minlash, aeroportlar infratuzilmasini, havodagi harakatni boshqarish tizimini va malakali mutaxassislar tayyorlashni takomillashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq shunga qaramasdan, mamlakatimizning fuqaro aviatsiyasida uning jahon aviatashishlar bozorida raqobatbardoshligini ta’minlash va ushbu tarmoqqa investitsiyalarni faol jalb qilish, sohaning tarmoq korxonalari moliyaviy barqarorligi va rentabelligini ta’minlash imkonini beruvchi menejmentning zamonaviy tizimini joriy etish masalalarida qator tizimli kamchiliklar saqlanib turibti.
Aeroportlar ekspulutatsiyasi va ish faoliyatini ta’minlash doimiy ravishda katta miqdordagi investitsiyalar kiritilishini talab etadi. Aeroport infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan yo‘lovchi terminallari, uchish- qo‘nish yo‘laklarini qurish va rekonstruksiya qilish, yoritish va signal chiroqlari qurilmalarini modernizatsiya qilish, maxsus texnikalarni xarid qilish, havo kemalari, yo‘lovchilar va bagajlarga xizmat ko‘rsatish jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini tadbiq etish katta sarf-xarajatlarni talab etadi.
Hozirgi kunda fuqaro aviatsiyasi boshqaruv tizimi, shu jumladan yerdagi infratuzilmadan foydalanish xizmat ko‘rsatishning jahon standartlariga javob bermasligi, reyslarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning yetarli darajada emasligi, asosiy ishlab chiqarish faoliyatidan tushadigan daromadlarning pastligi mamlakatimizdagi ayrim aeroportlarning norentabelligiga sabab bo‘lmoqda. Bu kabi aeroportlarning ish faoliyatini ta’minlash davlat byudjetidan katta miqdordagi mablag‘ ajratilishini talab etmoqda.
Jahon Banki ekspertlar guruhining fikricha aeroportlar o‘tkazuvchanlik qobiliyatining cheklanganligi va infratuzilma sarf-xarajatlarining yuqoriligi parvozlar narxining qimmatlashuviga sabab bo‘lmoqda, bu esa o‘z navbatida xorijiy aviatashuvchilarning bozorga kirish imkoniyatlarini cheklamoqda.
Jumladan, Termiz xalqaro aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagining xalqaro talablarga mutlaqo javob bermasligi xorijiy aviakompaniyalarning mazkur aeroportga parvozlarni amalga oshirishiga to‘siq bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, bugungi kunda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon xalqaro aeroportlarining uchish-qo‘nish yo‘laklari ta’mirtalab ahvolda.
Shuningdek, Toshkent, Namangan, Samarqand, Buxoro, Urganch va Andijon xalqaro aeroportlari terminalining kichikligi ularning o‘tkazuvchanlik quvvati past ko‘rsatkichda qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Bu kabi salbiy holatlar ayrim yo‘lovchilar parvozlarni qo‘shni davlatlarning O‘sh, Chimkent kabi shaharlari orqali amalga oshirishiga olib kelmoqda.
Yetakchi xalqaro ekspertlarning fikricha xalqaro standartlar darajasida xizmat ko‘rsatishni ta’minlash uchun aeroportlardan foydalanish va ularni rivojlantirishga xususiy sektorni jalb etish mavjud muammolarning yechimi bo‘lib hisoblanadi.
Aviatashuvlar bozorida raqobat muhitini yaratish va sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni faol jalb etishning dastlabki natijasi Samarqand, Namangan va Urganch shaharlari aeroportlari boshqaruvining konsessiya kelishuvi asosida Rossiya Federatsiyasining “Novaport” kompaniyasiga berilishi mazkur yo‘nalishdagi dastlabki qadamdir.
Kelishuvga ko‘ra “Novaport” kompaniyasi o‘z sarmoyalari hisobidan yuqoridagi aeroportlarni modernizatsiya qilish va rivojlantirishga qaratilgan “Loyihalash, Qurilish, Ekspluatatsiya, Topshirish” (DBOT) modeli asosida ishlarni bajarish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Ekspluatatsiya davrida “Novaport” kompaniyasi davlatga konsessiya yig‘imlarini to‘lab boradi.
Fuqaro aviatsiyasi sohasida boshqaruvning zamonaviy shakl va usullarini joriy etishni jadallashtirish, soha korxonalarini xalqaro tendensiya va standartlarga muvofiq qayta tashkil etish hukumatning aviatsiya sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishdagi asosiy maqsadidir.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mavjud qonunchilikka ko‘ra aerodrom infratuzilmasi ob’ektlari, jumladan havo kemalari uchun mo‘ljallangan uchish-qo‘nish va qo‘shimcha xarakatlanish yo‘laklarini xususiy sherikka faqat boshqaruv uchun berilishi mumkin. Ushbu ob’ektlar strategik ahamiyatga ega bo‘lgani bois mulk huquqi davlatda qoladi. Qolaversa, davlat xususiy sherikligining har qanday shakli va usullarida asosiy boshqaruv va nazorat vositalari davlatda bo‘ladi.
Samarqand, Namangan va Urganch aeroportlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga qaratilgan loyihani amalga oshirish yuzasidan “Novaport” kompaniyasi o‘z takliflarini ishlab chiqmoqda. Ushbu takliflar mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari tomonidan o‘rganib chiqilgandan so‘ng yakuniy qaror qabul qilinadi.
Ushbu loyihani amalga oshirish aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish va kengaytirish, samarali ishlash va texnik xizmat ko‘rsatishni ta’minlash, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish, yo‘lovchi tashish hajmini ko‘paytirish kabi ijobiy natijalarga erishish imkonini beradi.
Aviatsiya sohasini tubdan takomillashtirish maqsadida, respublikamizning qolgan aeroportlarini davlat- xususiy sherikligi shartlari asosida investorlar boshqaruviga topshirish masalalari o‘rganib chiqilmoqda", dyiladi vazirlik bayonotida.
Qayd etilishicha, xalqaro amaliyotga nazar soladigan bo‘lsak, bugungi kunda to‘liq yoki qisman davlat xususiy sherikligi boshqaruvi asosida Sankt-Peterburg, Dehli, Afina, Istanbul, Tokio, Nagoya, Gonkong, Doxa, London, Syurix, Frankfurt, Amsterdam kabi yirik aeroportlar faoliyat yuritib kelyapti.
LiveBarchasi