Transparency International O‘zbekistonga korrupsiyaga qarshi kurashishda yordam beradi
Jamiyat
−
26 fevral 2019
4702Transparency International xalqaro tashkiloti O‘zbekistonga korrupsiyaga qarshi kurashishda yordam beradi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalining “Tahlilnoma” ko‘rsatuvida xabar qilingan.
Ushbu tashkilotning mintaqaviy menejeri Svetli Savitskayaning aytishicha, Transparency International korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish sohasida ko‘mak berishga tayyor.
“Toshkentda aprel oyi oxirida Transparency International ekspertlarini jalb qilgan holda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar va zamonaviy amaliyotni O‘zbekistonda joriy etish masalalariga bag‘ishlangan hamkorlikdagi tadbir o‘tkazishga kelishib olindi”, deyiladi xabarda.
Ayni paytda O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish reytingida 180 ta davlat ichida 158-o‘rinni egallab turibdi. Mazkur ro‘yxat esa aynan Transparency International tomonidan tuziladi. Solishtirish uchun, mamlakat 2017 yilda 180 ta davlat ichida 157, 2016 yilda 176 ta davlat ichida 156-o‘rindan joy olgandi.
Bundan oldin BMT O‘zbekistonga korrupsiyaga qarshi kurashish uchun 8 million AQSH dollari yo‘naltirishi haqida xabar berilgan edi.
Ma’lumot uchun, Transparency International butun dunyoda korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiya darajasini tadqiq etish bo‘yicha nohukumat xalqaro tashkilotdir. Ushbu xalqaro harakatga 1993 yilda Jahon bankining sobiq direktori Peter Aygen tomonidan asos solingan.
Ayni paytda uning dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida bo‘linmalari mavjud.
LiveBarchasi