Trampning hokimiyatga qaytishi Ukrainadagi vaziyatni o‘zgartirmaydi – Lavrov 

Olam

image

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSH prezidentlik saylovida Donald Tramp g‘alaba qozonib, hokimiyatga qaytgan taqdirda ham, Ukrainadagi vaziyat o‘zgarmasligini aytdi. Bu haqda u Amerikaning CBS telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi

Uning aytishicha, Moskva va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarning buzilishi kichik Jorj Bush davridayoq boshlangan.

“Men hech qanday farq borligiga ishonmayman, chunki Rossiya-Amerika munosabatlarini, buning asoslarini, shu jumladan, strategik barqarorlik, paritet, o‘zaro ishonch, tekshiruvlar, shaffoflik, ishonchni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlarni – bularning barchasini yo‘q qilish Prezident Jorj Bush davridayoq boshlangan”, deydi Lavrov.

Rossiya diplomatiyasi rahbari kichik Bush AQSHni 1972 yilda imzolangan Ballistik raketa tizimlarini cheklash to‘g‘risidagi shartnomadan bir tomonlama chiqishga qaror qilganini eslatdi. Lavrov AQSH siyosatchilari SSSR parchalanganidan keyin Vashington tomonidan olib borilgan qabul qilib bo‘lmaydigan siyosatdan birorta ham saboq olmaganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Lavrov AQSHning hozirgi ma’muriyati Rossiya bilan muloqot o‘rnatishdan manfaatdor emasligini aytdi. Uning qayd etishicha, Vashington Moskvaga faqat istisno tariqasida, elchixonalar faoliyati yoki mahbuslar almashinuvi bilan bog‘liq masalalarni hal qilish zarur bo‘lganda murojaat qiladi. Biroq, Oq uy siyosiy masalalarni muhokama qilishdan manfaatdor emas.

Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp prezidentlik poygasiga kirishganidan beri bir necha bor Oq uyga qaytsa Ukrainadagi urushni 24 soat ichida to‘xtatishini aytib kelmoqda. Xususan, u 20 yanvar kuni o‘z tarafdorlari bilan Nyu-Gempshirdagi uchrashuvi chog‘ida AQSH prezidentligiga qayta saylansa, inauguratsiyadan oldin Ukraina mojarosini hal qilishga va’da bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp Ukraina Sergey Lavrov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing