Trampning o‘g‘li Grenlandiyaga bordi

Olam

image

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp 1979 yildan beri Daniya tarkibida avtonom maqomga ega Grenlandiyani nazorat qilish istagini yana bir bor ta’kidlaganidan ikki hafta o‘tib, uning o‘g‘li kichik Donald Tramp orolning Nuuk shahriga bordi. Bu haqda "The Guardian" xabar berdi.

Bugun, 7 yanvar kuni yon tomonida “Tramp” yozuvi bo‘lgan Boeing 757 samolyoti aeroportga qo‘ndi.

Tramp o‘g‘lining Grenlandiyaga sayohati haqida kecha, 6 yanvar kuni Truth Social'dagi sahifasida e’lon qilgandi. 

"Mening o‘g‘lim, kichik Don va turli vakillar u yerga eng ajoyib va diqqatga sazovor joylarni ziyorat qilish uchun boradi", deb yozgan edi u.

Daniya Tashqi ishlar vazirligi, o‘z navbatida, bu ma’lumotni e’tiborga olganini ma’lum qildi.

“Bu Amerikaning rasmiy tashrifi bo‘lmagani uchun Daniya Tashqi ishlar vazirligi boshqa izoh bermaydi”, deyiladi TIV bayonotida.

Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen TV 2 telekanaliga bergan intervyusida Grenlandiya "sotilmas"ligini ta’kidladi. Grenlandiya Bosh vaziri Mute Egede ham Qo‘shma Shtatlar bilan har qanday kelishuv ehtimolini rad etdi.

"Grenlandiya bizga tegishli. Biz sotmaymiz va hech qachon sotilmaymiz. Ozodlik uchun uzoq davom etgan kurashimizni boy bermasligimiz kerak", deb ta’kidladi u.

Donald Tramp 2017-2021 yillardagi birinchi prezidentlik davrida Daniyadan Grenlandiyani sotib olishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan. Bu keyinchalik Vashington va Kopengagen o‘rtasida diplomatik sovuqlikka olib keldi. Daniya Bosh vaziri Frederiksen bu g‘oyani “absurd” deb atagan.

2024 yil 22 dekabr kuni AQSHning saylangan prezidenti Truth Social'da tadbirkor va diplomat Ken Xoverini Kopengagenga elchi etib tayinlashini ma’lum qildi.

"Butun dunyoda milliy xavfsizlik va erkinlik uchun Qo‘shma Shtatlar Grenlandiyaga egalik qilish va nazorat qilishni mutlaq zarurat deb biladi. Ken Qo‘shma Shtatlar manfaatlarini himoya qilish uchun ajoyib ish qiladi", deb yozadi respublikachi.

Amerikaning konservativ gazetasi "New York Post" 23 dekabr kuni Tramp atrofidagi manbalarga tayanib, u dunyodagi eng katta orolni egallashga jiddiy yondashgani haqida xabar berdi. Daniya hukumati esa dekabr oyida Grenlandiyadagi mudofaa xarajatlarini kamida 1,5 milliard dollarga oshirishini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, Trampning Grenlandiyani AQSHga qo‘shish bo‘yicha bayonotlari fonida Daniya 500 yildan beri amal qilib kelayotgan davlat gerbini o‘zgartirishga qaror qilgandi. Daniya qiroli Frederik X gerbdan uchta toj tasvirini olib tashlashni buyurdi. Ushbu tojlar Daniyaning Norvegiya va Shvetsiya bilan bir vaqtlar yagona uniyada bo‘lganini ifodalagan. Endilikda gerbda Grenlandiyani ifodalovchi oq ayiq hamda Farer orollarini ifodalovchi qo‘chqor alohida aks etadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Daniya Grenlandiya kichik Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing