Trampning tarif tahdidi fonida oltin va kumush narxlari rekordni yangiladi
Olam
−
19 yanvar 1682 2 daqiqa
Bugun, 19 yanvar kuni Grenlandiya atrofidagi vaziyat tufayli “xavfsiz bandargoh” aktivlariga bo‘lgan talabning oshishi natijasida oltin va kumush narxlari yangi rekordlarni o‘rnatdi.
Treyderlar Grenlandiyaga da’vo qilayotgan AQSH Prezidenti Donald Trampning bosimi kuchayishi AQSH va Yevropa o‘rtasida keng ko‘lamli savdo urushini keltirib chiqarishidan xavotirda.
17 yanvar kuni Tramp fevral oyidan boshlab Daniya va Grenlandiyani qo‘llab-quvvatlovchi bir qator Yevropa davlatlari uchun 10 foizlik boj joriy etishini e’lon qilgandi. 2026 yil 1 iyundan boshlab ushbu mamlakatlar uchun bojlar 25 foizga yetadi va Vashington tomonidan Grenlandiyani to‘liq sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishilmaguncha amalda qoladi.
Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen Yevropa davlatlari AQSH bojlariga muvofiqlashtirilgan javob berishga tayyor ekanligini bildirdi. “Financial Times” gazetasi xabar berishicha, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari AQSH tovarlariga 93 milliard yevro miqdorida bojxona to‘lovlarini yoki Amerika kompaniyalari uchun bir qator cheklovlarni joriy etishni ko‘rib chiqmoqda.
Singapurdagi Saxo Markets bosh investitsiya strategi Charu Chanananing aytishicha, Grenlandiya bilan bog‘liq savdo keskinligi o‘tgan yilgi AQSHning keng ko‘lamli bojlar kiritish vaziyatidan farq qiladi.
“NATO ichida tarif tahdidlaridan foydalanish o‘ziga xos ishonchga zarba bo‘lib, u aktivlar qiymatiga nisbatan barqaror xavf mukofotini keltirib chiqarishi mumkin”, deydi u.
Bugun, 19 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 12:30 ga kelib, oltinning spot narxi 1,6 foizga ko‘tarilib, bir unsiya uchun 4670,47 AQSH dollariga, kumushniki esa 3,4 foizga oshib, bir unsiya uchun 93,1755 AQSH dollariga yetdi. Savdo sessiyasi davomida oltin narxi bir unsiya uchun rekord darajadagi 4690,59 AQSH dollarigacha, kumush esa bir unsiya uchun 94,1213 AQSH dollarigacha ko‘tarildi.
“Geosiyosiy xatarlar tobora kuchayib bormoqda. Yangi savdo noaniqligi o‘sish istiqbollarini xiralashtirmoqda, AQSH tashqi siyosati esa dollarga bo‘lgan ishonchni zaiflashtirmoqda. Bu oltin va kumush narxlarining oshishi uchun mukammal sharoitlar to‘plamidir”, deydi dunyodagi eng jadal rivojlanayotgan savdo platformalaridan biri bo‘lgan Capital.com Inc. tahlilichisi.
AQSH fond indekslari bo‘yicha fyucherslar 19 yanvar kuni 0,8-1,3 foiz pasaymoqda. Fyuchers bozorida savdo faolligi sust, chunki Amerika birjalari bayram (Martin Lyuter King kuni, AQSHning federal bayrami – tahr.) munosabati bilan yopiq.
Live
Barchasi