Trampning raqibi o‘yindan chiqdi

Olam

image

AQSHning sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo 2024 yilgi saylovlarda prezidentlikka nomzodini qo‘yish niyatidan voz kechganini aytdi. Bu haqda kecha, 14 aprel kuni “Fox News” telekanali xabar berdi.

Pompeo bir necha oy davomida rafiqasi bilan Respublikachilar partiyasidan nomzod sifatida prezidentlik poygasiga kirishish haqida o‘ylayotganini ta’kidlagan. Biroq ular saylovda qatnashmaslikka qaror qilgan.

“Men qaror qabul qildim. Biz 2024 yilgi saylovlar poygasiga chiqmaymiz. Garchi biz Amerikadan, men so‘nggi bir yarim yil davomida gapirgan masalalardan xavotirda bo‘lsak ham, hozir bizning vaqtimiz emas”, degan sobiq prezident Donald Tramp ma’muriyatidagi Amerika tashqi ishlar idorasining sobiq rahbari.

Shuningdek, Pompeo Trampning saylovdagi ishtiroki uning qaroriga ta’sir qilmaganini ham aytgan. Bundan tashqari, u kim bo‘lishidan qat’iy nazar, Respublikachilar partiyasidan AQSH prezidentligiga nomzodni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan. 

Eslatib o‘tamiz, AQSHda navbatdagi prezidentlik saylovi 2024 yilning noyabriga belgilangan. Oq uyning sobiq rahbari Donald Tramp o‘z nomzodini 2022 yil noyabrida e’lon qilgan edi. AQSHning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Xeyli ham Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun kurashayotganini ma’lum qilgan. Shuningdek, AQSHning 35-prezidenti Jon Kennedining jiyani, huquqshunos va siyosatchi kichik Robert Kennedi 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida demokratlar partiyasidan o‘z nomzodini ko‘rsatishini aytgan. Amaldagi Prezident Jo Bayden ham qayta saylanishga umid qilayotganini bildirgan. Respublikachilardan Florida gubernatori Ron de Santis, sobiq vitse-prezident Mayk Pens, Demokratlardan esa vitse-prezident Kamola Xarris, transport kotibi Pit Buttijich, senator Berni Sanderslar ham prezidentlik saylovida qatnashishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Mayk Pompeo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing