Trampning odami Ukraina urushi qachon tugashi mumkinligini aytdi
Olam
−
27 avgust 2025 7261 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoffning aytishicha, Rossiya Ukraina bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklif bergan va unga joriy yilning so‘ngiga qadar erishilishi mumkin. Bu haqda u “Fox News”ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Rossiyaliklar tinchlik taklifini stolga qo‘ydi. U Donetskni o‘z ichiga oladi. Balki bu ukrainaliklar qabul qiladigan narsa emasdir, ammo bunday yutuqqa hech kim erishmagan. Bunga Trampning shaxsiy ta’siri va urushni tugatishga bo‘lgan qat’iy istagi sabab bo‘ldi. Endi biz urush yakuni yaqinlashayotganini ko‘ryapmiz”, degan AQSH vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shu hafta Nyu-Yorkda Ukraina vakillari bilan uchrashuv o‘tkaziladi.
“Biz har kuni rossiyaliklar bilan gaplashyapmiz. Menimcha, bu oxir-oqibat Rossiya va Ukraina Prezidentlarining yuzma-yuz uchrashuviga olib kelishi mumkin”, deya qo‘shimcha qilgan Uitkoff.
Shuningdek, u Trampning muzokaralarda bevosita ishtirok etishi zarurligini ta’kidlagan. Uitkoffning eslatishicha, Putin Alyaskadagi sammitda “agar Tramp Prezident bo‘lganida bu urush bo‘lmagan bo‘lardi” deganini tan olgan.
“Stol ustida tinchlik taklifi bor. U buni ochiq aytdi va men u shu pozitsiyada qolishiga umid qilaman”, deya tushuntirgan Stiv Uitkoff.
Shu bilan birga, u Ukrainaning qarori muhimligini qayd etgan.
“Yer berish masalasi eng murakkab qarorlardan biri. Bu bilan birga xavfsizlik kafolatlari ham kerak. Ukrainaliklar buni tushunishga majbur”, degan u.
Uitkoff so‘zining yakunida joriy yilning oxirigacha tinchlikka erishilishi mumkinligini aytgan.
“Umid qilamizki, bu yil oxiriga qadar, balki undan ham oldin yakuniy tinchlik kelishuvi bo‘yicha barcha zarur elementlar shakllanadi”, deya o‘z so‘zlarini tugatgan AQSH vakili.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya tomoni bilan muzokaralar Turkiyada o‘tkazilishi mumkinligini aytgandi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hamma narsa faqat dunyo yetakchilarining, birinchi navbatda, AQSHning “Rossiyaga bosim o‘tkazish” irodasiga bog‘liq bo‘ladi.
Live
Barchasi