Trampning odami Oq uydan maxfiy ma’lumotlar sizib chiqishiga sababchi bo‘ldi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati vakili “Atlantic” nashri muharririni tasodifan maxfiy onlayn chatga qo‘shib qo‘ydi. Ushbu chatda AQSHning yuqori martabali amaldorlari Yamandagi husiylarga qarshi maxfiy harbiy zarbalar rejalari bo‘yicha muhokama olib borgan. Bu hodisa haqida birinchi bo‘lib “Atlantic” muharriri Jeffri Goldberg keng qamrovli maqola yozdi. Keyinchalik Oq uy ham ushbu ma’lumotni tasdiqladi. 

AQSH Milliy xavfsizlik kengashi vakili Brayan Xyuz begona raqam qanday qilib chatga qo‘shilib qolgani bo‘yicha tekshiruv olib borilayotganini ma’lum qilgan.

“Milliy xavfsizlik rahbarlari meni Yamanga qarshi bo‘lajak harbiy zarbalar haqida muhokama ketayotgan guruh chatiga qo‘shib qo‘ydi. Bunga ishonish qiyin edi. Ammo keyin bombalar yog‘ila boshladi”, deb yozgan Goldberg o‘z maqolasida.

Signal messenjerida bo‘lib o‘tgan ushbu yozishmada AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolts, AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens va boshqa yuqori martabali amaldorlar qatnashgan bo‘lishi mumkin.

Ushbu muhokamalar aynan 15 mart kuni AQSH tomonidan Yamandagi husiylarga qarshi uyushtirilgan keng ko‘lamli zarbalar haqida bo‘lgan. Prezident Donald Tramp bu harakatini husiylarning Qizil dengizdagi kemalarga hujum qilgani bilan izohlagan. Bu mintaqa jahon bo‘ylab neft va yonilg‘i tashish uchun eng muhim yo‘laklardan biri hisoblanadi.

Husiylar nazoratidagi Yaman Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 15 mart kungi zarbalar oqibatida kamida 31 kishi halok bo‘lib, 101 kishi jarohatlangan.

Jeffri Goldbergning so‘zlariga ko‘ra, 11 mart kuni u Signal orqali Maykl Uolts ismli foydalanuvchidan qo‘shilish so‘rovini olgan. Dastlab Goldberg bu haqiqiy Uolts emas, balki uni tuzoqqa tushirishga urinish deb o‘ylagan.

“Hozirgi kunda shunday holatlar ko‘p uchraydi – turli shaxslar jurnalistlarni o‘zlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilishga majburlashga harakat qiladi”, deb yozgan u maqolasida.

Shunga qaramay, u Signal orqali chatga qo‘shilgan. Balki bu haqiqatan ham AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts bo‘lib, u Ukraina, Eron yoki boshqa dolzarb mavzular bo‘yicha gaplashmoqchi bo‘lgandir, deb taxmin qilgan. Oradan ikki kun o‘tib, unga husiylar muammosini muhokama qilish uchun maxsus chatga qo‘shilgani haqida xabar kelgan.

“Jamoa – biz husiylar bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish uchun rahbarlar qo‘mitasi guruhini tashkil qilamiz, ayniqsa keyingi 72 soat ichida”, deyiladi Maykl Uolts hisobidan yozilgan xabarda.

Goldbergning ta’kidlashicha, keyingi kunlarda u AQSH harbiy kuchlari, Yaqin Sharqdagi harbiy operatsiyalar va strategik qarorlar bilan bog‘liq yuqori darajadagi maxfiy ma’lumotlarga guvoh bo‘lgan. Chatdagi yozishmalar turli foydalanuvchilardan, jumladan, Vens va Hegset (agar bu haqiqiy akkauntlar bo‘lsa, AQSH vitse-prezidenti va Mudofaa vaziri) tomonidan yozilgan.

Biroq bir qancha belgilar unga chat haqiqatdan ham real ekanini tushunishga yordam bergan. Eng so‘nggi tasdiq esa Yaman bo‘ylab zarbalar amalga oshirilishi bo‘lgan – ular oldindan chatda batafsil muhokama qilingan edi.

“Ular meni guruhga qo‘shganlarini bilishganmi? Meni ataylab qo‘shishganmi? Agar yo‘q bo‘lsa, ular meni kim deb o‘ylashgan? Men chatga qo‘shilgan yoki undan chiqqan vaqtimda kimdir buni tushunib yetdimi? Tramp ma’muriyatining yuqori amaldorlari Signal messenjeridan nozik muhokamalar uchun muntazam ravishda foydalanishadimi? Agar bu chatga men emas boshqa kimdir qo‘shilganida AQSH uchun qanchalik katta zarar yetishi mumkinligini angladim”, deya eslaydi Goldberg.

Goldbergning fikricha, Mayk Uolts davlatning xavfsizlik bo‘yicha bir necha qoidalarini buzgan.

“Men hech qachon bunday qoidabuzarlikni ko‘rmaganman. Signal ko‘pincha uchrashuvlarni rejalashtirish yoki boshqa logistik masalalar uchun ishlatiladi. Ammo u hech qachon muhim harbiy operatsiyalarni muhokama qilish uchun ishlatilmaydi. Eng qizig‘i, men kabi jurnalist hech qachon bunday maxfiy muhokamalarga jalb qilinmagan”, deb yozadi u maqolasida.

Xavfsizlik bo‘yicha ekspertlar AQSH rasmiylarining maxfiy ma’lumotlarga bo‘lgan beparvoligini tanqid qilgan va buni o‘ta ehtiyotsizlik deb atagan.

Ma’lumot uchun, Signal – bu shifrlangan xabar almashish ilovasi bo‘lib, jurnalistlar va maxfiylikka ehtiyoj sezadigan shaxslar tomonidan keng ishlatiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq aynan AQSH Qurolli kuchlari Prezident Donald Trampning buyrug‘i bilan Yamandagi husiylar nazorati ostidagi hududga ommaviy zarbalar bergani xabar qilingan edi. Zarbalar husiylar nazoratidagi poytaxt Sana, shuningdek, Al-Bayda, Al-Hodeyda, Saada, Hajja va Marib viloyatlaridagi nishonlarga berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Oq uy Signal Mayk Uoltts

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing