Bir balosi bo‘lmasa... Pompeo O‘zbekistonga nega kelyapti? 

Tahlil

image

Markaziy Osiyo tarixdan eng muhim geosiyosiy nuqtai nazardan muhim mintaqa bo‘lib kelgan. Azaldan bu yerda hukumronlik qilganlar mintaqaga yondosh hududlarga o‘z ta’sirini o‘tkazish uchun qiynalishmagan. Shimolda Rossiya, sharqda Xitoy, janubda Afg‘oniston va Erondek qo‘shnilari bor hududga qaysi siyosatchi ham qiziqmaydi deysiz? Shunday ekan, turli hududlarda o‘z manfaati yo‘lida raqobat qiluvchi dunyoning uch gigant davlati, AQSH, Rossiya va Xitoy, bu mintaqa uchun siyosiy kurash olib borishi tabiiy holdir.

Shu kunlarda AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo Markaziy Osiyo mintaqasida tashrif bilan bo‘lib turibdi. Avvalroq Ukraina, Belorussiya va Qozog‘istonda mehmon bo‘lgan AQSH rasmiysi ertaga, 3 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan “C5+1” formatdagi vazirlar uchrashuvida ishtirok etish uchun Toshkentga keldi. Xo‘sh bu tashrifdan maqsad nima?

Avvalo AQSHning Markaziy Osiyodagi qiziqishlarini o‘rganib chiqsak. 

Mintaqada AQSH ko‘plab global geosiyosiy muammolarga duch keladi. Qayta tiklangan Rossiya, kuchaygan Xitoy, terrorizm va ekstremizmning kuchayishi shular jumlasidandir. Boshqa tomondan, AQSH uchun mintaqada ko‘plab amaliy iqtisodiy imkoniyatlar mavjud. Mintaqadagi davlatlar bilan yaqin hamkorlik Afg‘onistondagi vaziyat va terrorizmga qarshi kurash kabi katta muammolarni hal qilishga yordam beradi. Bundan tashqari, mintaqadagi neft va gaz Yevropaning Rossiyaga qaramligini kamaytirishga yordam beradi va shu bilan NATOni yanada kuchaytiradi.

AQSH Markaziy Osiyo uchun ikkita asosiy maqsadga ega:

Birinchisi, barqaror va rivojlanayotgan Markaziy Osiyo. AQSH Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlaydigan siyosatni ilgari surishi aniq. Chunki xavfsiz Markaziy Osiyo ko‘plab iqtisodiy, savdo va energetik imkoniyatlarni taklif etadi. Markaziy Osiyoni barqaror va xavfsiz qilish uni tranzit va ishlab chiqarish zonasiga aylanishiga yordam berish Amerika va uning ittifoqchilariga katta foyda keltiradi. Xavfsiz Markaziy Osiyo, shuningdek, iqtisodiy erkinlikni ilgari suradigan ko‘proq iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, mintaqaga zarur bo‘lgan xorijiy investitsiyalarni jalb qiladi.

Ikkinchisi, suveren Markaziy Osiyo. Amerika Markaziy Osiyo mamlakatlarini tashqi va mintaqaviy kuchlarning bosimi va ta’sirisiz o‘z-o‘zini boshqarishini ma’qullaydi. Bu, ayniqsa, Rossiyaning ta’siri va mintaqadagi gibrid taktikalariga tegishli. Tashqi ta’sirga bardoshli, kuchli va barqaror hukumatlar Amerikani ko‘proq qiziqtiradi.

Tramp ma’muriyatining milliy xavfsizlik strategiyasida aytilishicha, AQSH "raqib kuchlarning hukmronligiga qarshi turadigan, ekstrimistlarga xavfsiz boshpana bo‘lishiga qarshilik ko‘rsatadigan va islohotlarda ustuvor bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlarini qadrlaydi".

Qo‘shma Shtatlar mustaqil, barqaror shuningdek iqtisodiy, xavfsizlik, energetika va boshqaruv masalalari bo‘yicha mintaqaviy yetakchilar sifatida namoyon bo‘ladigan Qozog‘iston va O‘zbekistonga muhtoj.

Shu kunlardagi tashrif esa aynan shularni maqsad qilib amalga oshirilganiga shubha qilmasak ham bo‘ladi. 

Endi AQSH siyosiy tahlilchilarining fikrlarini o‘rganib chiqsak.

Ularning fikricha, AQSH Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan ko‘proq ishlashi kerak. AQSH Markaziy Osiyoda aloqalar “langari”ga muhtoj. Qozog‘iston va O‘zbekiston AQSH uchun ikki katta sherikdir. AQSH ushbu ikki mamlakat bilan strategik va mintaqaviy o‘zaro manfaatlarga asoslangan pragmatik munosabatlarni olib borishi kerak. Ikkala joyda ham inson huquqlari bo‘yicha qonuniy muammolar bor, ammo uzoq kelajakda AQSHning aralashishi vaziyatni yaxshilaydi, deb hisoblaydi tahlilchilar.

Biroq, inson huquqlari AQSHning mintaqadagi barqarorlik va kengroq strategik manfaatlarini hisobga oladigan ko‘p qirrali munosabatlarning faqat bir qismidir.

AQSH mintaqada iqtisodiy erkinlikni rivojlantirish uchun katta iqtisodiy islohotlarni rag‘batlantirishi mumkin. Qozog‘iston va O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishga strategik jihatdan tayyor, chunki ular Yevropa va Sharqiy Osiyo bozorlariga xom ashyo yetkazib beradi. Oxir-oqibat, ushbu ikki mamlakatga real investitsiyalar va ularning iqtisodiy o‘sishi xususiy sektor hisobiga bo‘ladi.

AQSHning maqsadlaridan yana biri – umumiy xavfsizlikka oid muammolar bo‘yicha mintaqa bilan yaqin hamkorlik qilish. Ikki davlat ham yadro qurolini tarqatmaslik masalalari bo‘yicha dunyo miqyosida yetakchidir. Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham Afg‘oniston masalasida muhim rol o‘ynaydi. AQSHning Afg‘oniston bilan aksar kelishuvlari bu mamlakatlar ishtiroki bilan yanayam mustahkamlanadi.

Rossiyaning bu tashrifga munosabati haqida ham to‘xtalib o‘tsak. Rasmiy Kreml bu tashrifni AQSHning o‘z ichki ishi deya baholayotgan bo‘lishiga qaramay, Pompeoning bu mintaqadagi har bir harakatini diqqat bilan kuzatayotganini taxmin qilish qiyin emas. Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari AQSH bilan iliq munosabatga kirishishdan avval bu boradagi Rossiya pozitsiyasini ham inobatga olishi tabiiy.

Xulosa o‘rnida, yuqorida aytganimizdek, Markaziy Osiyo geosiyosiy ahamiyat va raqobat zonasi bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Agar AQSH qayta tiklanayotgan Rossiya va kuchayayotgan Xitoy bilan kurashish va Yevropaning energiya xavfsizligini yaxshilash bo‘yicha bosh strategiyaga ega bo‘lsa, Vashington siyosatchilari mintaqani e’tibordan chetda qoldirolmaydi. Shuning uchun Oq uy vakili Pompeoning tashrifi AQSHning mintaqaga qilgan oxirgi tashrifi emasligini anglab yetish qiyin emas.

Nurulloh Sharipov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh Rossiya Xitoy Maykl Pompeo

Baholaganlar

630

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing