Trampning falastinliklarni Liviyaga ko‘chirish rejasi oshkor bo‘ldi

Olam

image
Trampning G‘azoni egallash g‘oyasini dunyo qanday qabul qildi? north_east

Trampning G‘azoni egallash g‘oyasini dunyo qanday qabul qildi?

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati falastinliklarni Liviyaga ko‘chirish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, NBC News telekanali xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, Tramp ma’muriyati buning evaziga Liviyaga o‘n yildan ortiq vaqt oldin muzlatib qo‘yilgan milliardlab dollar mablag‘larni qaytarishni taklif qilishi mumkin. Ushbu tashabbus doirasida G‘azo sektoridan bir milliongacha falastinlikni Liviyaga ko‘chirish rejalashtirilmoqda. AQSH allaqachon Tripoli bilan bu borada muzokaralar o‘tkazgan, biroq hali yakuniy kelishuvga erishilmagan.

Biroq bu tashabbusning amalga oshirilishi jiddiy to‘siqlarga duch kelishi mumkin. Avvalo, G‘azo aholisi ixtiyoriy ravishda Liviyaga ko‘chishga rozilik bildiradimi – bu ochiq savol bo‘lib qolmoqda. AQSH ma’muriyati falastinliklarni moddiy jihatdan rag‘batlantirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Masalan, ularga bepul uy-joy taqdim etish yoki nafaqa to‘lash taklif qilinmoqda. Biroq bu reja Vashingtondan katta moliyaviy xarajatlarni talab qiladi.

Shuningdek, falastinliklar Liviyaning qaysi hududiga joylashtirilishi va ularni qanday tartibda ko‘chirish rejalashtirilayotgani ham noma’lumligicha qolmoqda. NBC News ta’kidlashicha, Liviyada ahvoli allaqachon beqaror bo‘lgan sharoitda yana bir million odamning kelishi mamlakatdagi tanglikni yanada kuchaytirishi mumkin.

Qayd etish joiz, Tramp kecha, 16 may kuni BAAda bergan bayonotida kelasi oy davomida Isroil va Falastin bo‘yicha “ko‘plab ijobiy voqealar” bo‘lishini aytdi. Unga ko‘ra, AQSH falastinliklarga yordam berishi zarur.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Tramp G‘azo sektorini nazoratga olish niyatini bildirgan edi. Uning rejalariga ko‘ra, falastinliklarni mintaqadan qo‘shni davlatlarga ko‘chirish lozim.

Bungacha esa Falastin rasmiylari Donald Trampdan Falastin davlatining mustaqilligini tan olishini kutayotgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Liviya falastinliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing