Trampning G‘azoni egallash g‘oyasini dunyo qanday qabul qildi?

Olam

image

AQSHning ittifoqchilari ham, dushmanlari ham Prezident Donald Trampning G‘azo sektorini Vashingtonga topshirish va 2 million falastinlikni majburan boshqa mamlakatlarga ko‘chirish, bu hududni “Yaqin Sharq Riverasi”ga aylantirish haqidagi taklifini qoraladi. Tramp bu haqda 4 fevral kuni kechqurun Oq uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ishtirokidagi matbuot anjumanida aytib o‘tgandi. 

Bunga deyarli hammaning munosabati salbiy bo‘ldi. Britaniya, Xitoy, Germaniya, Irlandiya, Rossiya va Ispaniya mustaqil Falastin davlati, jumladan G‘azo sektori va G‘arbiy Sohil Isroil bilan birga yashashini ko‘zda tutuvchi ikki davlat yechimini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi. Netanyaxu hukumati konsepsiyani rad etishiga qaramay, o‘n yilliklar davomida Yaqin Sharqdagi mojaro va urushga barham berish uchun ikki davlat yechimi uzoq vaqtdan beri AQSHning mintaqadagi siyosatining asosi bo‘lib kelgan.

AQSHning Yaqin Sharqdagi asosiy ittifoqchilaridan biri bo‘lgan Saudiya Arabistoni mustaqil Falastin davlatini qo‘llab-quvvatlashi ׅ“qat’iy, mustahkam va o‘zgarmas” bo‘lib qolayotganini ta’kidlab, keskin bayonot bilan chiqdi.

Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze ham ikki davlat qaroriga sodiqligini va’da qildi:

“Avstraliyaning pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda – bugun ertalab, bir yil oldin, o‘n yil oldin”.

Netanyaxu esa Trampning tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, urushdan ko‘zlangan maqsadlardan biri HAMASdan Isroilga tahdidni bartaraf etish ekanini aytdi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp “narsalarni butunlay yangi bosqichga ko‘tarmoqda”.

“Menimcha, bu tarix yo‘nalishini o‘zgartirishi mumkin va bu o‘rganishga arziydigan yo‘l. Biz natijalardan juda mamnunmiz”, deb qo‘shimcha qildi Netanyaxu.

Tramp esa, o‘z navbatida, ikki davlat yaratish bo‘yicha o‘z pozitsiyasi haqidagi savolga javob berishdan qochdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uning rejasining “ikki davlat yechimi, bir davlat yechimi yoki boshqa narsa bilan hech qanday aloqasi yo‘q”.   

Falastinliklar va Yaqin Sharq davlatlarining reaksiyasi

Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos BMTni “Falastin xalqi va uning ajralmas huquqlarini himoya qilishga” chaqirib, Tramp taklifini amalga oshirish “xalqaro huquqning jiddiy buzilishi” bo‘lishini aytdi.

HAMAS esa Trampning tashabbusini “mintaqadagi tartibsizlik va keskinlik retsepti” deb baholadi. Trump G‘azoni AQSH nazorati ostiga olishni taklif qilishdan oldin ham, Misr va Iordaniya uning falastinliklarni o‘z hududlariga joylashtirish g‘oyasini rad etishgan.

Misr Tashqi ishlar vazirligi G‘azoni qayta qurish “falastinliklarni ko‘chirmasdan” amalga oshirilishi kerakligini aytdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari oliy komissari Folker Turk, Isroil tomonidan ishg‘ol qilingan G‘azo sektoridan odamlarning deportatsiyasining noqonuniy ekanligini aytdi.

“Yaqinda Xalqaro sud tomonidan yana bir bor ta’kidlanganidek, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi xalqaro huquqning asosiy tamoyili bo‘lib, unga barcha davlatlar amal qilishi kerak. Odamlarni bosib olingan hududdan har qanday majburan ko‘chirish yoki deportatsiya qilish qat’iyan man etiladi”, deya qayd etgan Turk.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘z nutqida shunday dedi:

“Yechimlarni izlashda muammoni yanada kuchaytirmaslik kerak. Xalqaro huquq tamoyillariga amal qilish, etnik tozalashning har qanday ko‘rinishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur”, dedi u.

Biroq Tramp matbuot anjumanida Iordaniya qiroli Abdulla II va Misr Prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi oxir-oqibat uning taklifiga rozi bo‘lishlarini aytdi.

“Ular dillarini ochib, bu rejani amalga oshirishimiz uchun zarur bo‘lgan yerni bizga beradilar, odamlar ham ahil, tinch-totuv yashashadi”, dedi Tramp.

Trampning taklifi uning ikki hafta avval prezidentlikka kelganidan keyin Yaqin Sharqqa oid birinchi yirik siyosiy bayonoti bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘rtayer dengizi sohilida turli mamlakatlardan kelgan odamlar ahil-inoq yashashi mumkin bo‘lgan kurort qurish mumkin.

Biroq, Falastin rasmiylariga ko‘ra, 47 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan Isroilning 15 oydan ortiq davom etgan bombardimonidan so‘ng G‘azoning katta qismi hozir xarobaga aylangan. Isroil armiyasining da’vo qilishicha, halok bo‘lganlar orasida HAMASning 17 ming jangchisi bor.

Tramp tashabbusi jangovar harakatlarni to‘xtatgan olti haftalik otashkesim fonida yangradi. Sulh vaqtida HAMAS 18 nafar garovdagilarni ozod qildi, Isroil esa bunga javoban yuzlab falastinlik mahbuslarni ozod qildi.

Tramp G‘azoda “cheksiz ish o‘rinlari”ni va’da qildi

Matbuot anjumanida Tramp Qo‘shma Shtatlar G‘azoga egalik qilishi, uni o‘zlashtirishi va haqiqatan ham ajoyib hudud bo‘ladigan minglab ish o‘rinlarini yaratishini ham aytdi:

“AQSH G‘azo sektorini nazorat qiladi va u bilan ishlaydi. Biz bu yerga egalik qilamiz, portlamagan bombalar va boshqa qurollarni yo‘q qilish bilan shug‘ullanamiz, vayron bo‘lgan binolarni vayron qilamiz va cheksiz ish o‘rinlari bilan ta’minlaydigan iqtisodiyot yaratamiz. Men gaplashganlarning barchasi bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlamoqda – Qo‘shma Shtatlar bu yerga egalik qiladi, uni o‘zlashtiradi va haqiqatan ham ajoyib hudud bo‘ladigan minglab ish o‘rinlarini yaratadi".

Tramp G‘azo ustidan nazoratni aniq qanday o‘rnatishni rejalashtirayotganiga aniqlik kiritmadi, biroq Amerika qo‘shinlarini yuborishni ham istisno etmadi.

"Agar kerak bo‘lsa, biz buni qilamiz. Biz bu hududni egallab, rivojlantiramiz”, dedi u.

Oq uy izohi

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt kecha, 5 fevral kuni Tramp “G‘azoga qo‘shin yuborish majburiyatini olmaganini” aytdi.

“Qo‘shma Shtatlar G‘azoni qayta tiklash uchun pul to‘lamaydi. Bu noan’anaviy g‘oya... Uning maqsadi  Yaqin Sharqda mintaqadagi barcha xalqlar uchun mustahkam tinchlikka erishish”, dedi u. 

Trampning G‘azo ustidan nazoratni o‘z qo‘liga olish taklifi uning mintaqadagi Amerika harbiylari mavjudligi haqidagi oldingi tanqidlaridan sezilarli darajada farq qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u G‘azoga “uzoq muddatli egalik qilish” imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, bu esa “Yaqin Sharqning bu qismiga va balki butun mintaqaga ajoyib barqarorlik” olib keladi.

"Bu shoshilinch qaror emas edi", dedi u.

AQSH ichidagi reaksiya

AQSHning bir qancha qonunchilari Tramp tanqidchilari safiga qo‘shildi. Demokratik senator Kris Kun Prezidentning bayonotini “haqoratli, aqldan ozgan, xavfli va kulgili” deb atadi.

“Dunyoning qolgan qismi bizning ishonchli hamkor emasligimizga ishonadi, chunki Prezidentimiz aqldan ozgan takliflar qiladi”, deydi u.

Asli falastinlik bo‘lgan vakil Rashida Tlaib Trampning G‘azoning butun aholisini ko‘chirish g‘oyasini “etnik tozalashga ochiq chaqiriq” deb atadi.

Biroq Tramp tarafdori deputat Nensi Meys hazil bilan Trampning Floridadagi qarorgohiga ishora qilib, “G‘azoni Mar-a-Lagoga aylantiraylik” dedi.

Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson Prezident tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

“Biz tafsilotlarni ko‘rib chiqmoqdamiz, ammo bu yaxshi qadam deb hisoblaymiz”, dedi u.

Senatdagi ko‘pchilik yetakchisi Jon Tun “Tramp tinch va xavfsiz Yaqin Sharqni ko‘rishni istaydi va ba’zi g‘oyalarni ilgari surdi” deya neytral pozitsiyani egalladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Yaqin Sharq Falastin Isroil G'azo Yaqin Sharq Riv'erasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing