Tramp zudlik bilan Senatda impichment masalasini ko‘rishni talab qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Kongress Senati zudlik bilan impichmentni ko‘rib chiqishni boshlashini istayapti. U o‘zining Twitter`dagi sahifasida shunday post qoldirgan.

“Nima ham derdik, demokratlar Vakillar palatasida menga tegishli jarayonni ta’minlab bermadi. Endi ular Senatga o‘z jarayonni qanday yuritish bo‘yicha ham so‘zini o‘tkazmoqchi. Aslida ularda hech qanday dalil yo‘q, ular ko‘rinish ham bermaydi. Panada qolishni istayapti. Men jarayon zudlik bilan boshlanishini istayman!”, degan Amerika Prezidenti.

Tramp Demokratlar Vakillar palatasida impichment bo‘yicha respublikachilarning birorta ovozini ololmaganini qo‘shimcha qilgan.

“Respublikachilar hech kimga bunday birlikda zarba bermagandi! Demokratlarning ish bo‘yicha dalillari shu darajada yomonki, ular (respublikachilar) jarayonda ishtirok etishni ham istamayapti”, deb qo‘shimcha qildi Prezident.

Amerika yetakchisi demokratlar impichment doirasida unga qo‘yilgan aybnomani bu ahvolda Senatga kiritishni istamayapti deb hisoblamoqda. Negaki jarayonga ularga qulay bo‘lmagan guvohlar chaqirilishi mumkinligidan xavotirga tushishgan.

“Demokratlar impichment hujjatlarini Senatga berishni istamayotganining sababi ular korrupsiyaga aralashgan siyosatchi Adam Shiff (Vakillar palatasining razvedka bo‘yicha maxsus qo‘mitasi rahbari) qasamyod bilan ko‘rsatma berishini istashmayapti”, deydi Tramp.

AQSH Prezidenti so‘zida davom etib, ular (demokratlar) birinchi guvoh, qayergadir yo‘qolib qolgan ikkinchi guvoh va ikki Baydenlar (sobiq AQSH vitse-prezidenti Jozef Bayden va uning o‘g‘li Xanter Bayden) ham ko‘rsatma berishini istamayotganini qo‘shimcha qildi.

Ma’lumot uchun, impichment doirasida Donald Trampga ikki ayblov qo‘yilgan. U hokimiyat mansabini suiiste’mol qilishda ayblanyapti. Bu ayblov Tramp joriy yilning 25 iyulida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefonda suhbatlashganidan keyin qo‘yildi. Tramp Zelenskiydan Ukrainada Jozef Baydenning o‘g‘liga nisbatan tergov ochishni so‘ragani iddao qilinyapti.

Bundan tashqari, demokratlar AQSH Prezidentini Vakillar palatasi faoliyatiga to‘sqinlik qilishda ayblashdi. Oq uy rahbari impichment jarayoni doirasida olib borilgan surishtiruv ishlarida Prezident ma’muriyatining yuqori lavozimli amaldorlariga ishtirok etishini taqiqlab qo‘ygandi.

Kongressning vakillar palatasi impichmentni qo‘llab-quvvatladi. Ovoz berish jarayonida respublikachi deputatlar bir varakayiga qarshi bo‘ldi. 


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp impichment Kongress

Baholaganlar

53

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing