Tramp jahon bozorlarini “portlatib”, AQSH aksiyalarini qulatdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trampning mamlakatga kiradigan barcha tovarlarga boj solish va Qo‘shma Shtatlarning eng yirik savdo hamkorlariga alohida tariflar joriy etish haqidagi qarori pandemiyadan beri kuzatilmagan darajadagi AQSH fond bozorining qulashi bilan yakunlandi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.

Kecha, 3 aprel kungi savdo boshida S&P 500 indeksi 4 foizdan ko‘proqqa, Nasdaq – 4,9 foiz, Dow Jones – 3,7 foizga, kichik kapitalizatsiyali kompaniyalarni o‘z ichiga olgan Russell 2000 indeksi esa deyarli 7 foizga quladi. 

“Savdo boshlanganidan bir soatdan biroz ko‘proq vaqtda AQSHning eng yirik kompaniyalari aksiyalari 2 trillion dollarga arzonlashgan. AQSH bozorining umumiy kapitalizatsiyasi 2,7 trillion dollarga kamaygan – bu 2020 yildan beri eng yirik ko‘rsatkich”, deyiladi xabarda.

Apple aksiyalari ham 9,5 foizga tushib ketdi. Bunga kompaniyaning zavodlari eng keskin tariflarga duchor bo‘lgan Xitoyda joylashgani sabab bo‘ldi. Oqibatda kompaniya qiymati 300 milliard dollarga kamaydi. Xitoy mahsulotlariga to‘la bo‘lgan Target va Dollar Tree chakana savdo tarmog‘i aksiyalari 12 foizdan ortiq quladi. Amazon kapitalizatsiyasi 165 milliard dollarga, Nvidia’niki esa 183 milliard dollarga kamaydi.

“The New York Times” nashriga ko‘ra, Trampning eng yirik donorlaridan ayrimlari milliardlab zarar ko‘rgan: Tesla aksiyalari qulashidan Ilon Mask 6 milliard dollar yo‘qotgan bo‘lsa, Blackstone Group investitsiya fondi rahbari Stiven Shvartsman 3 milliard dollar yo‘qotgan.

So‘nggi uch yildagi eng katta pasayishni neft bozori boshdan kechirgan: Brent markali neft fyucherslari 7 foiz arzonlashib, barreli 70 dollardan pastga tushgan. Moskva fond birjasi indeksi 2,3 foizga pasaygan va ketma-ket 12-kun manfiy ko‘rsatkich bilan yopilgan – bu zamonaviy Rossiya tarixida birinchi marta kuzatilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, boj tariflari hajmi kutilganidan ancha yuqori bo‘lib chiqqan. Xususan, Oq uy hisob-kitoblariga bo‘yicha ular kelasi 10 yil ichida AQSH byudjetiga 6 trillion dollar olib keladi va 2024 yilda misli ko‘rilmagan 3 trillion dollarga yetgan byudjet taqchilligini qisqartiradi. 2025 yilda esa bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi rekordlarni yangilashi kutilmoqda. JP Morgan tahlilchilariga ko‘ra, bu Trampning qarori 1960 yillar oxiridan buyon AQSHda eng yirik soliq islohoti bo‘lib, byudjetni to‘ldirish evaziga AQSH va Yevropa Ittifoqida retsessiya, jahon bo‘yicha esa stagflyatsiyaga olib kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2 aprel oqshomida Oq uy bog‘ida chiqish qilgan Tramp AQSHga import qilinadigan mahsulotlarning aksariga 10 foizlik tariflar, Xitoy uchun esa qo‘shimcha 34 foizlik, Yevropa Ittifoqi uchun esa 20 foizlik bojlar joriy etilishini e’lon qildi. Oqibatda AQSHning import bo‘yicha o‘rtacha boj stavkasi 2024 yildagi 2,5f oizdan 22 foizga oshdi – bu ko‘rsatkich oxirgi marta 1910 yillar atrofida kuzatilgan.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqi Tramp tariflariga javoban qarshi choralar paketini tayyorlayotganini bildirdi. Xitoy esa AQSH tomonidan joriy etilgan tariflarga “keskin qarshi” ekanini bildirib, o‘z manfaatlari va huquqlarini himoya qilish uchun “javob choralarini ko‘radi”, deya ogohlantirdi. Yana bir qancha Yevropa davlatlari Tramping bu qaroriga norozilik bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp aktsiya boj fond bozori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing