Tramp Zelenskiyning “qulog‘ini cho‘zib qo‘ydi“
Olam
−
14:43 3037 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga berilayotgan zarbalarni kamaytirishga chaqirganini aytdi. Zelenskiy esa bunga rozi bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Bu haqda Tramp bugun, 28 sentyabr kuni Oq uyda jurnalistlarga bergan bayonotida ma’lum qildi.
“Men Prezident Zelenskiy bilan gaplashdim. Unga neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalarni kamaytirish kerakligini aytdim. U: “Ehtimol, shunday qilarmiz”, deb javob berdi”, degan Tramp.
AQSH Prezidenti Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlar dunyoda energiya, xususan, dizel yonilg‘isi narxining oshishiga sabab bo‘layotganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, energiya narxlarining ko‘tarilishini faqat Yaqin Sharqdagi vaziyat bilan bog‘lash to‘g‘ri emas.
“Muammoning asosiy sababi Rossiyada neftni qayta ishlash zavodlari portlatilayotganidir. Bu Yaqin Sharq muammosi emas, balki ko‘proq Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muammo”, degan u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil boshidan buyon Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga 70 martadan ortiq zarba bergan. Hujumlar oqibatida bir necha o‘nlab zavodlarning faoliyati izdan chiqqan. Faqat avgust oyida oltita yirik zavod ta’mirlash uchun faoliyatini to‘xtatgan.
“EA Analytics” ma’lumotlariga ko‘ra, zavodlar faoliyatidagi uzilishlar sabab Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi 2002 yildan beri eng past darajaga tushgan. Bu mamlakatda yoqilg‘i tanqisligi yuzaga kelishi va uning eksportiga taqiq joriy etilishiga sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Tramp Zelenskiyni Rossiyaning dizel yonilg‘isi bilan bog‘liq ob’ektlariga zarba berishni to‘xtatishga chaqirgan edi. Keyinchalik u Ukraina va Rossiya energetika ob’ektlariga o‘zaro hujumlarni to‘xtatishga kelishib olganini ma’lum qilgan. Biroq Kiyev va Moskva energetik sulhga tayyorligini amalda tasdiqlamagan.
Live
Barchasi