Tramp Zelenskiy bilan uchrashishdan oldin Putinga sim qoqdi
Olam
−
29 dekabr 3509 2 daqiqa
Kecha, 28 dekabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv oldidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, suhbat “yaxshi va juda samarali” bo‘lgan. Tramp Putin bilan bo‘lgan muloqot haqida boshqa detallarni ochiqlamagan.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga Tramp va Putin o‘rtasidagi telefon suhbati bo‘lib o‘tganini tasdiqlagan. Uning aytishicha, suhbat yaqinda yakunlangan va uning natijalari haqida keyinroq Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lumot beradi.
Tramp va Putinning telefon orqali gaplashuvi Ukraina tomonini xavotirga soldi, deb yozdi bir necha G‘arb OAVlari. Ular AQSH Prezidenti Zelenskiy bilan uchrashuvidan oldin ham Tramp va Putin o‘rtasida shunga o‘xshash suhbat bo‘lib o‘tganini eslatgan. Nashr suhbatdoshlaridan birining aytishicha, bu holat Ukrainada kayfiyatga salbiy ta’sir qilmoqda va vaziyatni yanada murakkablashtiradi.
Tramp va Putin oxirgi marta 16 oktyabr kuni, AQSH Prezidentining Zelenskiy bilan uchrashuvidan bir kun oldin telefon orqali gaplashgan edi. O‘sha uchrashuvda, jumladan, Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi Tomahawk raketalarini yetkazib berish masalasi muhokama qilingan. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Pentagon bunday yetkazib berishga ruxsat berishga tayyor bo‘lgan, ammo yakuniy qaror Trampga bog‘liq edi.
16 oktyabrdagi suhbat chog‘ida Putin Tomahawk raketalarining Ukrainaga berilishi jang maydonidagi vaziyatni o‘zgartirmasligini, biroq bu Rossiya va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy zarar yetkazishini, shuningdek, tinchlik yo‘lidagi istiqbollarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan. Keyinchalik Tramp bu raketalarni Kiyevga yetkazib berishdan bosh tortdi.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 28 dekabr kuni Floridada AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuv arafasida bir qator Yevropa davlatlari rahbarlari bilan Kiyev hozir harakatlanayotgan “diplomatik yo‘l” hamda “eng muhim ustuvor vazifalar”ni muhokama qilgandi. Onlayn formatda o‘tgan suhbatda Germaniya kansleri Fridrix Mers, Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb, Fransiya Prezidenti Emmanyuel Makron, Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni, Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen, Polsha Bosh vaziri Donald Tusk, Niderlandiya Bosh vaziri Dik Sxoof, Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore va Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson ishtirok etgan.
Live
Barchasi