Tramp yengildimi? U Xitoyga bojlarni pasaytirmoqchi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoydan keladigan tovarlarga AQSH tomonidan belgilangan stavka juda yuqori ekanini, shuning uchun u pasaytirilishini aytdi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, kecha, 22 aprel kuni AQSH rahbari Oq uyda jurnalistlar oldida chiqish qilgan va Qo‘shma Shtatlar Xitoy bilan muzokaralarda muvaffaqiyatga erishganini aytgan.

“Xitoy bilan munosabatlarimiz yaxshi. Menimcha, deyarli barcha davlatlar bilan munosabatlarimiz yaxshi. Hamma Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatda bo‘lishni istaydi”, deya o‘z so‘zini boshlagan Tramp.

Uning qo‘shimcha qilishicha, u Xitoy bilan xushmuomala bo‘lishni va qattiq o‘yinga kirishib ketmaslikni rejalashtirmoqda.

“Biz juda iltifotli bo‘lamiz. Ular juda iltifotli bo‘lishadi. Ko‘ramiz, nima bo‘larkin. Ammo oxir-oqibat ular bitim tuzishga majbur bo‘ladi, chunki aks holda ular Qo‘shma Shtatlarda ish yurita olmaydi”, degan Oq uy rahbari.

Tarif stavkalarining ehtimoliy o‘zgarishi haqidagi savolga Tramp hozirgi 145 foizlik stavka pasaytirilishini aytgan.

“145 foiz – bu juda ko‘p va u bunchalik yuqori bo‘lmaydi”, degan Tramp.

AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi

Joriy yilning 2 aprel kuni Tramp 185 davlatga nisbatan bojlar joriy etilishini ma’lum qilgandi. Tariflar 10 foizdan 50 foizgacha bo‘lgan. AQSH boj joriy qilgan davlatlar ro‘yxatiga O‘zbekiston ham kiritilgan.

O‘shanda Xitoy qarshi choralar ko‘rish niyatida ekanini ma’lum qilgan va AQSHga nisbatan javob tarifi – barcha import qilinadigan mahsulotlarga 34 foizlik qo‘shimcha bojlar joriy etgandi.

Shundan so‘ng Tramp Xitoyga ultimatum qo‘ydi – AQSH Prezidenti Xitoy javob bojlarini bekor qilishi kerakligini, aks holda AQSH qo‘shimcha bojlar joriy etishini aytdi.

Xitoy joriy etilgan tariflarni bekor qilmadi, oqibatda AQSH boshqa mamlakatlar uchun tariflarni joriy etishni to‘xtatib, Xitoyga bojlarni 125 foizgacha oshirdi. Keyinroq Tramp Xitoy tovarlariga bojlarni yana oshirdi va 145 foiz qilib qo‘ydi.

Pekin ham Amerika tovarlariga bojlarni 125 foizgacha oshirdi.

Keyinchalik AQSH ommaviy axborot vositalari Tramp 70 ta davlat bilan AQSH hamkorlarini Xitoyga bosim o‘tkazishga va u bilan savdo aloqalarini uzishga majbur qilish uchun tariflar bo‘yicha muzokaralar olib borishni rejalashtirayotgani haqida yozdi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing