Tramp yana ko‘plab xodimlarni ishdan oldi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Milliy xavfsizlik kengashida keng ko‘lamli ishdan bo‘shatishlarni boshladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, AQSH rahbari kecha, 23 may kuni bir kunda 100 dan ortiq xodimni ma’muriy ta’tilga yuborgan. Yakuniy maqsad – kengash shtatining sonini 300 dan 50 kishigacha qisqartirish.

Bildirilishicha, bu islohotlar joriy yilning 14 may kuni e’lon qilingan keng ko‘lamli qayta tashkil etish rejasi doirasida amalga oshirilmoqda. Ishdan bo‘shatilganlar orasida AQSHning geosiyosiy masalalari bo‘yicha mutaxassislari ham bor.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, xodimlarga Bosh shtab rahbari Brayan Makkormak nomidan xat yuborilib, ofisni 30 daqiqa ichida tark etishlari kerakligi aytilgan. Ishda bo‘lmaganlarga keyinroq shaxsiy buyumlarini olib ketish uchun alohida vaqt ajratilishi bildirilgan. Bo‘shatilganlar orasida Trampning birinchi prezidentlik davrida tayinlangan siyosiy kadrlari, doimiy davlat xizmatchilari ham bor. “Reuters”ga ko‘ra, ularning aksariyati hukumatdagi boshqa lavozimlarga o‘tkazilishi mumkin.

Qayta tashkil etish jarayonida Milliy xavfsizlik kengashining ayrim bo‘linmalari boshqa idoralar bilan birlashtiriladi yoki umuman yopiladi. Jumladan, NATO bilan hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi bo‘linma ham qisqartirilishi mumkin.

Joriy yilning yanvar oyida “The Washington Post” nashrining yozishicha, Ukraina, Eron va Shimoliy Koreya bilan bog‘liq masalalar uchun javobgar bo‘lgan xodimlar vaqtincha lavozimidan chetlatilgan. Bu qaror Trampning siyosatiga muvofiqlikni tekshirish maqsadida qabul qilingan.

Ma’lumot uchun, AQSH Milliy xavfsizlik kengashi 1947 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u Prezident huzuridagi asosiy maslahat organi hisoblanadi. Hozirda u AQSH tashqi siyosatining ko‘plab jihatlarini nazorat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp o‘zining sobiq Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uoltsni BMTdagi elchilik lavozimiga o‘tayotganini e’lon qilgandi. Vitse-prezident Jeyms Devid Vens buni lavozimga ko‘tarilish deb atadi va sobiq maslahatchi hali ham ishonchga ega ekanini qo‘shimcha qildi. “Axios” ma’lumotlariga ko‘ra, Oq uyda Uoltsning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan shaxs Trampning uzoq yillik yordamchisi, shtab boshlig‘i o‘rinbosari Stiven Miller bo‘lishi mumkin. “Politico”  jurnalisti Mark Xelperinning manbalariga ko‘ra, maslahatchi lavozimini AQSHning Yaqin Sharq bo‘yicha amaldagi maxsus vakili Stiv Uitkoff egallashi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Milliy xavfsizlik kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing