Tramp Yaqin Sharqqa 5 ming dengiz piyodasini yubordi
Olam
−
14 mart 3680 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Yaqin Sharqqa AQSH dengiz piyoda qo‘shinlarining 5 ming nafargacha bo‘lgan qo‘shimcha kontingentini, shuningdek, bir nechta harbiy kemalarni jo‘natishni ma’qulladi. Bu haqda uch nafar amerikalik amaldorga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) tomonidan yuborilgan so‘rovni Pentagon rahbari Pit Hegset tasdiqlagan. Hozirda Yaponiyada joylashgan USS Tripoli desant kemasi bortidagi dengiz piyodalari bilan Yaqin Sharq tomon yo‘l olgan. Bu hududda allaqachon boshqa dengiz piyodalari bo‘linmalari ham joylashgan.
Tramp avvalroq omma oldida Eronda quruqlik operatsiyasini “vaqtni bekorga sarflash” deb atagan bo‘lsa-da, NBC manbalariga ko‘ra, u muayyan strategik vazifalarni hal qilish uchun Eron hududida cheklangan miqdorda qo‘shin saqlash g‘oyasiga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Gap keng ko‘lamli bosqin haqida emas. Biroq telekanal manbalariga ko‘ra, AQSH Prezidenti Eron urani zaxiralari ustidan nazorat o‘rnatish imkoniyatini, shuningdek urushdan keyin Tehron bilan neft sohasida Venesuela modeli bo‘yicha hamkorlik qilish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda.
Qo‘shinlarni ko‘paytirish haqidagi qaror Hormuz bo‘g‘ozidagi keskin vaziyat fonida qabul qilingan. Bu dunyo nefti ta’minotining taxminan 20 foizi o‘tadigan asosiy strategik yo‘lak hisoblanadi. Eron kemalarga hujumlarni faollashtirib, amalda dengiz harakatini to‘sib qo‘ygani sababli xomashyo narxlari keskin oshgan. Avvalroq, Tramp AQSH tankerlarni bu bo‘g‘oz orqali kuzatib borishga tayyorligini bildirgan. 13 mart kuni u kelasi hafta ichida amerikalik harbiylar Eronga “juda kuchli zarbalar” berishini aytgan.
Biroq AQSH ma’muriyati ichida harbiy kampaniyaning maqsadlari va muddatlari bo‘yicha yakdillik yo‘q. “Axios” manbalariga ko‘ra, Tramp urushni yana kamida uch-to‘rt hafta davom ettirish g‘oyasiga “katta ishtiyoq” bilan qaramoqda. Uning fikricha, bu vaqt ichida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini shu qadar zaiflashtirish mumkinki, mamlakat ichida qo‘zg‘olon yuzaga kelishi ehtimoli paydo bo‘ladi. Ammo Prezidentning qarama-qarshi bayonotlari (“biz birinchi soatdayoq g‘alaba qildik”dan tortib “erta ketib bo‘lmaydi”gacha) hatto, uning eng yaqin maslahatchilarini ham hayratda qoldirmoqda. “Reuters” ma’lumotiga ko‘ra, hozir Prezident atrofida uchta guruh ta’sir uchun kurashmoqda: keskin zarba berishni talab qilayotgan “qirg‘iylar”, yoqilg‘i narxlari va saylovlardan xavotirlanayotgan siyosiy maslahatchilar hamda uzoq davom etadigan mojaroga aralashmaslikni talab qilayotgan populistlar.
Yevropalik ittifoqchilar bu orada o‘z iqtisodiy manfaatlarini saqlab qolishga harakat qilmoqda. “Financial Times” ma’lumotiga ko‘ra, Fransiya va Italiya Eron bilan Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar xavfsiz o‘tishi bo‘yicha kafolatlar haqida dastlabki muzokaralarni olib bormoqda.
Yevropa Komissiyasi fikricha, bu inqirozdan asosiy foyda ko‘rayotgan davlat Rossiya bo‘ldi. Jahon bozorida neft tanqisligi yuzaga kelgani sababli Tramp ma’muriyati Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni yumshatgan. Yevropa Ittifoqi hisob-kitoblariga ko‘ra, bu Moskvaga har kuni qo‘shimcha 150 million dollar daromad keltirmoqda. Germaniya kansleri Fridrix Mers bu qarorni xato deb atab, Yevropa Kremlga bosimni yanada kuchaytirishda davom etishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSHga Yaqin Sharqdagi urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv doirasida Erondagi boyitilgan uran zaxiralarini Rossiyaga olib chiqib ketishni taklif qilgani haqida xabar berilgan edi.