Tramp Venesuela osmoni yopilganini e’lon qildi
Olam
−
29 noyabr 5973 2 daqiqa
Bugun, 29 noyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuela va unga tutash hududlar ustidagi havo makonini to‘liq yopilganini e’lon qildi. Bu haqda o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
“Barcha aviakompaniyalar, uchuvchilar, giyohvand moddalar sotuvchilari va odam savdogarlari, iltimos, Venesuela ustidagi va uning atrofidagi havo makoni to‘liq yopilganini inobatga oling. Ushbu masalaga e’tibor qaratganingiz uchun rahmat!” deb yozgan u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ispaniya va Portugaliya aviatsiya idoralari ham o‘z yo‘lovchi aviakompaniyalariga yaqin kunlarda Venesuela havo makonida parvoz qilmaslikni tavsiya etgan.
Qayd etish joiz, joriy yilning 23 noyabr kuni “Reuters” amerikalik amaldorlarga tayanib, AQSH “yaqin kunlarda” Venesuelaga qarshi operatsiyaning yangi bosqichini boshlashga tayyorligi haqida xabar bergandi. Hududdagi AQSH harbiy faolligi esa joriy yilning avgustidan beri kuchayib bormoqda. Aynan o‘sha vaqtda Tramp Pentagonga Lotin Amerikasidagi narkokartellarga qarshi kuch ishlatishga ruxsat beruvchi hujjatni imzolagan.
Venesuela ham javob choralarini ko‘rmoqda. “Reuters” ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat harbiylari partizan urushiga tayyorlanmoqda, aholiga qurollar tarqatilish boshlangan. Karakas Moskvadan zenit-raketa majmualari yetkazib berishni va harbiy texnikani ta’mirlashni so‘ragan.
“The Atlantic” ma’lumotlariga ko‘ra, Nikolas Maduro unga va uning atrofidagilarga amnistiya hamda mamlakatni xavfsiz tark etish kafolatlari berilgani taqdirda iste’foga chiqishga tayyor. “Politico” manbalari esa Vashingtonning Maduroni Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon yoki Kubaga ketishiga ruxsat berish variantini ham ko‘rib chiqayotganini, biroq Oq uyda uni hibsga olib, AQSH sudiga topshirishni istovchi guruhlar ham borligini bildirgan.
Live
Barchasi