Tramp vaksina ishlab chiqaruvchilarni saylovlarda unga qarshi fitna uyushtirishda aybladi
Olam
−
21 noyabr 2020
3736Koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqaruvchilar AQSHda Prezident saylovlari natijalariga ta’sir o‘tkazish uchun ataylab muvaffaqiyatli sinovlarni o‘tkazishni kechiktirgan. Amaldagi davlat rahbari Donald Tramp Oq uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shunday fikrni aytib o‘tdi.
“Farmatsevtika kompaniyalari ataylab prezidentlik saylovidan so‘ng COVID-19’ga qarshi vaksinalarni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazishni reja qildi. Agar ular buni oldinroq qilganida, bu ovoz berish natijalariga ta’sir qilishi mumkin edi”, deydi Tramp.
Shuningdek, Prezidentning fikriga ko‘ra, uning g‘alaba qozonish imkoniyatini oshirishi mumkinligi uchun Pfizer saylovdan oldin o‘z vaksinasining muvaffaqiyatli sinovdan o‘tganini oshkor qilmagan.
“Pfizer va boshqalar hattoki o‘z vaksinalari bo‘yicha o‘tkazilgan sinovlar natijalarini e’lon qilmaslikka qaror qildilar, ya’ni saylovlar o‘tkaziladigan paytni kutib, yaxshi natijaga ega vaksinasi borligini oshkor qilmadilar”, dedi Tramp.
Uning fikriga ko‘ra, buning sababi farmatsevtika kompaniyalari uning dori-darmon narxlarini pasaytirish siyosatidan qoniqish hosil qilmagan.
AQSHda Prezident saylovi 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. G‘olib hali e’lon qilinmagan, ammo aksariyat Amerika ommaviy axborot vositalari allaqachon demokrat Jo Bayden g‘alaba uchun zarur bo‘lgan 270 ta saylovchilar ovozini olgani haqida xabar bergan. Uning o‘zi ham g‘olibligini e’lon qildi, ammo Tramp buni tan olmadi. U saylovlarda firibgarliklar bo‘lganligi to‘g‘risida ko‘p marta gapirgan va uning shtab-kvartirasi bir necha muhim shtatlar sudiga qayta hisobot da’volari bilan murojaat qilgan.
Koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqaradigan Amerikaning Pfizer va Moderna kompaniyalari AQSH prezidentlik saylovlaridan so‘ng o‘zlari ishlab chiqqan vaksinalarning yuqori samaraga ega ekanligini e’lon qildi. 9 noyabr kuni Pfizer o‘z vaksinasi 90 foiz samarali ekanligini e’lon qildi va keyinchalik uning samaralilik darajasini 95 foizga yetkazdi. Kompaniya allaqachon ushbu preparatni AQSHda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun murojaat qilgan. Shuningdek, Moderna 16 noyabr kuni o‘z vaksinasining samaradorligini taxminan 94,5 foiz, deb e’lon qildi.
Umidjon Nozimjonov