Tramp va Si Szinpin telefon orqali suhbatlashdi
Olam
−
17 yanvar
1724AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin telefon orqali suhbatlashib, TikTok’ga qo‘yilgan taqiq va boshqa masalalarni muhokama qildi. Bu haqda “South China Morning Post” nashri xabar berdi.
Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Si Szinpin bilan bo‘lgan suhbatni “Xitoy va AQSH uchun juda yaxshi” deb baholadi va ikki davlat dunyoni tinchroq va xavfsizroq qilish uchun hamma narsani qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.
“Biz ko‘plab muammolarni birgalikda hal qilishimizni va bu ishlarni darhol boshlashimizni kutyapman. Biz savdo muvozanati, fentanil, TikTok va boshqa ko‘plab mavzularni muhokama qildik”, deb yozdi Tramp.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 24 aprelda AQSH Prezidenti Jo Bayden TikTok’ni mamlakatda taqiqlash haqidagi qonunni imzolagan. Ushbu qonun ByteDance kompaniyasidan TikTok biznesini 270 kun ichida, ya’ni joriy yil 19 yanvargacha AQSHda sotishni talab qiladi.
AQSH hukumati TikTok foydalanuvchilari haqidagi ma’lumotlarning Xitoy hukumatiga uzatilish ehtimoli tufayli ushbu ilovani milliy xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘radi. Ammo ByteDance bunday ma’lumotlarni Xitoy hukumati talab qilsa ham bermasligini va’da qilgan.
TikTok’ning egasi bo‘lgan ByteDance Baydenning taqiqini noqonuniy deb hisoblaydi va qarorni apellyatsiya qilish orqali bekor qilishga harakat qilmoqda. Sud jarayonlari uzoq davom etishi sababli Trampda TikTok’ni himoya qilish uchun ko‘proq vaqt bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq saylovoldi kampaniyasi davomida TikTokʼni himoya qilishga va’da bergan Donald Tramp AQSHda uni taqiqlash rejasiga qarshi chiqmoqchiligi haqida xabar berilgandi. Xabarga ko‘ra, Tramp TikTokʼning ko‘lami va qamrovini qadrlaydi. U podkastlar va ommaviy axborot vositalari bilan bir qatorda saylovlarda g‘alaba qozonish uchun undan mohirona foydalangan.
LiveBarchasi
O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh yasayapti.
17 yanvar